O‘zbekiston Prezidenti korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida qator muhim tashabbuslarni ilgari surdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 19-dekabr kuni Toshkent shahridagi Kongress-markazida Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yuksak xalqaro mukofot bilan taqdirlash marosimida ishtirok etdi.
Tadbirda mukofot asoschisi – Qatar Amiri shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti vakillari, 40 dan ziyod mamlakat delegatsiyalari, shu jumladan ushbu xalqaro mukofot sovrindorlari qatnashdi.
Davlatimiz rahbari forum ishtirokchilarini qutlar ekan, Qatar Amiri va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashish boshqarmasiga tadbirni O‘zbekistonda o‘tkazish taklifi uchun minnatdorlik bildirdi. Qatar delegatsiyasi va xalqini 18 dekabr kuni keng nishonlangan Mustaqillik bayrami bilan samimiy tabrikladi.
O‘zbekiston yetakchisi bugungi kunda Qatar global hamkorlik va diplomatiya markaziga aylanib borayotganini, yuksak saviyada o‘tkazilgan futbol bo‘yicha jahon chempionati, Kam rivojlangan davlatlar bo‘yicha xalqaro konferensiya va “Ekspo Doha– 2023” butunjahon ko‘rgazmasi, ko‘plab xalqaro tashabbuslar buning tasdig‘i ekanini ta’kidladi.
Davlatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Bugungi tadbir ham maqsadlarimiz uyg‘un va hamohang ekanining yorqin ramziy ifodasidir.
O‘zbekiston Prezidenti ta’kidlaganidek, shiddat bilan o‘zgarayotgan dunyodagi eng dolzarb muammolardan biri bo‘lgan korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida global mukofotning ta’sis etilgani va uni topshirishga bag‘ishlangan marosimlar barcha qit’alarda o‘tkazib kelinayotgani yuksak e’tirofga sazovordir.
– Zero, korrupsiyaga qarshi kurashish har bir sof vijdonli insonning, demokratik jamiyat va davlatning muqaddas burchidir, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Ushbu nufuzli mukofot orqali korrupsiyaga qarshi kurashishga o‘zining munosib hissasini qo‘shayotgan jahondagi eng faol shaxslarning e’tirof etilishi 2003-yilda qabul qilingan BMTning Korrupsiyaga qarshi kurashish konvensiyasi talablarini hayotga izchil va to‘liq tatbiq etishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbari korrupsiya butun insoniyatga, barcha jamiyatlar asosiga, iqtisodiy taraqqiyotga zarba beradigan, qonun ustuvorligini buzadigan va xalqning davlat siyosatiga ishonchini keskin susaytiradigan, demokratik institutlar rivojiga to‘sqinlik qiladigan xatarli tahdid ekanini ko‘rsatib o‘tdi.
Tahlillarga ko‘ra, hozirda korrupsiyaning dunyo miqyosidagi zarari 3 trillion AQSH dollariga yaqin miqdorni tashkil qilmoqda. “Ammo men bu katta raqamlar haqiqiy holatni va korrupsiya natijasida ko‘rilayotgan real zararning aniq hajmini to‘liq ifoda eta olmaydi, deb hisoblayman”, dedi O‘zbekiston yetakchisi.
Bugun O‘zbekiston korrupsiyaga qarshi kurashish jarayonida huquqiy va institutsional islohotlarni tizimli amalga oshirayotgani, BMT, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti kabi nufuzli xalqaro tuzilmalar bilan yaqin hamkorlik qilib kelayotgani ta’kidlandi. Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonun qabul qilinib, maxsus vakolatli Agentlik tashkil etilgan.
Hukumat faoliyatining ochiq va oshkoraligini ta’minlash va mas’uliyatini oshirish, byurokratiyani kamaytirish va davlat xizmatlarini soddalashtirish, korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan preventiv mexanizmlarni amaliyotga keng joriy etilmoqda.
Xususan, barcha davlat idoralarida komplayens va samaradorlikni baholash reyting tizimlari yo‘lga qo‘yildi. Davlat xaridlari to‘liq raqamlashtirildi.
O‘zbekiston 2021-yilda Xalqaro Ochiq ma’lumotlar xartiyasiga a’zo bo‘ldi. Mamlakatimiz Istanbul harakatlar dasturi, Global operativ tarmoq, Yevroosiyo va Egmont guruhlari, boshqa ko‘plab platformalarda samarali ishtirok etib kelmoqda. G‘arbiy va Markaziy Osiyo davlatlarining aktivlarni qaytarish tarmog‘ining Kotibiyati vazifasini bajarmoqda.
Har yili Toshkentda an’anaviy Xalqaro aksilkorrupsiya forumi o‘tkazib kelinmoqda.
Keyingi yillarda mamlakatimiz “Transparency International” indeksida 42 pog‘onaga ko‘tarildi va bu borada mintaqamizda eng yuqori o‘rinni egallamoqda. 2030 yilga qadar mazkur reytingdagi o‘rnimizni yana 50 pog‘onaga yaxshilash maqsadini ko‘zlaganmiz.
“Open Data Inventory” reytingida esa joriy yilda 30-o‘ringa ko‘tarildik. Ochiq ma’lumotlar manbalari bo‘yicha O‘zbekiston dunyoda 4-o‘rindan joy olgan.
- Demokratik islohotlar ortga qaytmas tus olgan Yangi O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida ham katta reja va vazifalarni o‘z oldimizga qo‘yganmiz, - dedi davlatimiz rahbari.
Ularga erishish maqsadida Prezidentimiz qator taklif va tashabbuslarni ilgari surdi.
Eng avvalo, Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha 2030-yilgacha mo‘ljallangan milliy strategiya ishlab chiqilib, hayotga tatbiq etiladi.
Unda davlat idoralari faoliyatining yanada shaffofligini ta’minlash va hisobdorligini oshirish, ochiq ma’lumotlar tizimini takomillashtirish, sohaning huquqiy asoslari va institutsional mexanizmlarini mustahkamlashga alohida urg‘u beriladi.
Shuningdek, O‘zbekiston korrupsiyaga qarshi kurashdagi mintaqaviy va global tashabbus va yangi loyihalarni qo‘llab-quvvatlaydi va ularda faol qatnashadi. Bu borada o‘tgan oyda Toshkentda ishga tushgan Korrupsiyaga qarshi kurashish konvensiyasining Mintaqaviy platformasidan keng foydalaniladi.
Shu bilan birga, nodavlat notijorat tashkilotlarini faol jalb etgan holda, o‘zaro tajriba almashish va muloqotlarni kuchaytirish, ilmiy izlanishlar olib borish maqsadida Korrupsiya muammolari bo‘yicha mintaqaviy tadqiqot markazini tashkil etish taklif qilindi.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining xorijiy turdosh muassasalar bilan yaqin hamkorligi kuchaytiriladi, bu uning salohiyatini yanada oshiradi. Eng ilg‘or xalqaro tajribaga asoslangan yangi mexanizmlar tatbiq qilinadi, jumladan, korrupsiya holatlari bo‘yicha “dastlabki o‘rganish” – korrupsion surishtiruv instituti joriy etiladi.
Bolalikdan “halollik vaksinasi” bilan emlangan yangi avlodni kamolga yetkazish ustuvor vazifa sifatida qayd etildi. mizdir. BMTning Korrupsiyaga qarshi ta’lim va yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirish global resursi dasturini O‘zbekistonda keng joriy etish rejalashtirilgan.
O‘zbekiston Prezidenti korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha jurnalistlar imkoniyatlaridan unumli foydalanish va ular ta’sirini yanada oshirish uchun Global media forumni o‘tkazish taklifini bildirdi.
So‘zining yakunida davlatimiz rahbari nufuzli mukofot bilan taqdirlanganlarni dildan qutlab, ularga adolatni ta’minlash yo‘lidagi sa’y-harakatlariga katta muvaffaqiyatlar tiladi.
O‘zbekiston Prezidenti Qatar Amiri bilan birgalikda Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yuksak xalqaro mukofot haykalchalarini ularning egalariga tantanali topshirdi.
“Korrupsiyaga qarshi kurashdagi yutuqlar” nominatsiyasida “Transparency International” xalqaro tashkilotining sobiq raisi Xose Karlos Ugas Sanches Moreno (Peru) sovrindor bo‘ldi.
“Ta’lim va akademik tadqiqotlar” nominatsiyasida Singapur Milliy universiteti sobiq professori Djon Kua (Singapur) va Zagreb universiteti professori Sunchana Roksandich (Xorvatiya) g‘olib bo‘ldi.
“Korrupsiyaga qarshi kurashishda yoshlar ijodi va faolligi” uchun mukofotlar “Youth4IntegrityBuilding” nodavlat tashkilotiga (Keniya) – direktor Damaris Asvega hamda “All4Integrity” nodavlat tashkilotiga – asoschisi Andre Korrea D'Almeydega topshirildi.
“Innovatsiyalar va jurnalistik surishtiruvlar” nominatsiyasida surishtiruvchi muxbir Kler Ryukasl-Braun (Buyuk Britaniya) va Buyuk Britaniya Xalqaro taraqqiyot vazirligi korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limining sobiq rahbari Fil Meyson sovrindor bo‘ldi.
“Sportni korrupsiyadan himoya qilish” nominatsiyasida mukofotlarga jurnalist va “BBC” boshlovchisi Vayxiga Maura (Keniya) va “Central European News” axborot agentligi muharriri Shantanu Guxa Rey (Hindiston) munosib topildi.