O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning "BRIKS plyus” formatidagi Global taraqqiyot masalalari bo‘yicha yuqori darajadagi muloqotdagi nutqi
Muhtaram Rais Janobi Oliylari!
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Forumning barcha ishtirokchilarini qutlashdan bag‘oyat xursandman.
Hamkasblarimning so‘zlariga mamnuniyat bilan qo‘shilaman va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin Janobi Oliylariga global taraqqiyot masalalari bo‘yicha yuqori darajadagi muloqotni o‘tkazish tashabbusi va unda ishtirok etishga taklif etgani uchun chuqur minnatdorlik izhor etaman.
Bugun “BRIKS plyus” formatidagi muloqotning Barqaror rivojlanish kun tartibini ilgari surishda inklyuziv sheriklik uchun zarur platforma sifatida alohida ahamiyatga ega ekani haqida bildirilgan fikr-mulohazalarga to‘liq qo‘shilaman.
Hurmatli forum ishtirokchilari!
Bugungi dunyo qator tahlikali jarayonlar bilan kechayotgan chuqur transformatsiya davrida yashamoqda. Xalqaro keskinlik tobora kuchaymoqda va tizimli iqtisodiy inqiroz belgilari namoyon bo‘lmoqda. Bunday sharoitda biz O‘zbekistonda “Inson manfaatlari –hamma narsadan ustun” degan tamoyil asosida islohotlarni amalga oshirishni izchil davom ettiryapmiz.
Yangi O‘zbekistonni barpo etishning asosiy ustuvor yo‘nalishlari davlat boshqaruvini takomillashtirish, kambag‘allikni qisqartirish va 2030 yilga borib aholisi o‘rtachadan yuqori daromad oladigan davlatlar qatoridan joy olish, inklyuziv ijtimoiy taraqqiyotni ta’minlash, Markaziy Osiyo mintaqasida yaxshi qo‘shnichilik va barqarorlikni mustahkamlash hisoblanadi.
Biz Barqaror rivojlanish maqsadlariga birgalikda erishish uchun keng ko‘lamli xalqaro sheriklikka, shu jumladan, “Janub – Janub” formatidagi hamkorlikka ochiqmiz va bu yo‘lga sodiqmiz.
Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!
Jahon iqtisodiyotida kuzatilayotgan inqirozli holatlar butun global savdo va investitsiyalar tizimi uchun to‘siq yaratmoqda.
Bunday sharoitda:
- to‘siqlarni bartaraf etish va yangi ishlab chiqarish va savdo-logistika zanjirini yaratish;
- sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha loyihalarga investitsiyalar jalb etish va infratuzilmalarni modernizatsiya qilish;
- texnologiyalar transferi va innovatsiyalarni joriy etish, sun’iy intellekt, raqamlashtirish, biotexnologiyalar, jumladan vaksinalar ishlab chiqarish, sohasida hamkorlikni yanada chuqurlashtirish bo‘yicha muvofiqlashtirilgan chora-tadbirlarni qabul qilish muhimdir.
Qo‘shma loyiha va tashabbuslarni birgalikda amalga oshirish uchun doimiy biznes muloqot maydonchasi – “BRIKS plyus” ishbilarmon doiralari forumini yo‘lga qo‘yishni taklif etaman.
Biz transport-kommunikatsiyalar sohasidagi bog‘liqlikni kuchaytirish hamda “Shimol – Janub” va “G‘arb – Sharq” transkontinental yo‘nalishlariga mintaqamizni jalb etish tarafdorimiz.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining bozorlarda oziq-ovqat mahsulotlarining barqaror va ochiq harakatini ta’minlash bo‘yicha qat’iy harakatlarga chaqirgan da’vatini qo‘llab-quvvatlaymiz. Bunda aynan jahon qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining ellik foizigacha bo‘lgan qismi hissasiga to‘g‘ri kelayotgan aynan BRIKS mamlakatlari muhim rol o‘ynashi zarur, deb hisoblaymiz. Ushbu ulkan salohiyatdan oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish va undan foydalanishning ishonchli tizimlarini shakllantirish maqsadida kooperatsiyani chuqurlashtirish uchun foydalanish zarur.
Hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri – kambag‘allikni qisqartirish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash sohasida dasturlarni amalga oshirishdir.
Shuni qayd etishni istardimki, Xitoyning muvaffaqiyatli tajribasidan foydalangan holda biz so‘nggi yillarda, hatto pandemiya sharoitida ham, aholimizning hayot darajasini real oshirish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish imkoniga ega bo‘ldik.
Global jarayonlarni hisobga olganda iqlim o‘zgarishlari bo‘yicha ko‘p tomonlama hamkorlik yanada dolzarb bo‘lib bormoqda. Bu yo‘nalishda cho‘llashishga qarshi kurashish, bioxilma-xillikni saqlab qolish, suv balansini ta’minlash, “yashil iqtisodiyot” sohasidagi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirishni taklif etamiz.
Inson kapitalini rivojlantirishga zarur e’tiborni qaratmasdan turib inklyuziv o‘sishga erishish mumkin emas. Biz Universitetlar ligasi va Tarmoqli universitet kabi BRIKS dasturlarida ishtirok etishdan, shuningdek, professional ta’lim va yoshlar siyosati sohasida hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdormiz.
Hurmatli hamkasblar!
O‘zbekiston Shanxay hamkorlik tashkilotining amaldagi raisi sifatida sherikligimizning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha BRIKS va SHHTning o‘zaro amaliy hamkorlik mexanizmlarini ishlab chiqishni taklif etadi.
So‘zimning yakunida “BRIKS plyus” shaklidagi amaldagi muloqotning o‘tkazilishi bizning tezkor ravishda umumiy tahdidlarning oldini olishga bo‘lgan qat’iy intilishlarimizni yana bir bor namoyish etayotganini ta’kidlashni istar edim.
Bugun bildirilgan tashabbuslarning amalga oshirilishi global barqarorlik va mamlakatlarimizning jadal taraqqiyoti yo‘lida munosib xizmat qilishiga aminman.
E’tiboringiz uchun rahmat.