Vazirlar Mahkamasi – ijro etuvchi hokimiyat uchun yangi vazifalar
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 20-bobi bevosita Vazirlar Mahkamasiga bag‘ishlangan bo‘lib, mazkur bob 98-moddadan iborat va bugungi kunga qadar izchil takomillashtirib kelingan.
Muhokamaga qo‘yilgan Konstitutsiyaviy qonun loyihasining 98-moddasi Vazirlar Mahkamasi samarali ekologik siyosat olib borishga javobgar ekanligi, fuqarolarning ekologik huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirishi haqidagi norma bilan to‘ldirildi.
Aytish joizki, bugungi kunda hukumatimiz tomonidan xususiylashtirishga va xususiy sektorni erkinlashtirishga katta ahamiyat berilmoqda, shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlariga juda keng imkoniyatlar yaratilgan va o‘z navbatida bu Qomusimizga kiritilgan o‘zgartirishlarda ham o‘z aksini topdi. Jumladan, 98-moddaning uchinchi bandida Vazirlar Mahkamasi faqatgina davlat boshqaruvi organlarining ishini muvofiqlashtirishi belgilandi. Respublika davlat boshqaruvi organlari ro‘yxati esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2003 yil 9 dekabrdagi “Respublika davlat boshqaruvi organlari tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmonida keltirilgan.
Ta’kidlash joizki, Konstitutsiyamizning amaldagi tahririda Vazirlar Mahkamasi xo‘jalik boshqaruvi organlari ustidan qonunda belgilangan tartibda nazoratni ta’minlashi belgilangan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Xo‘jalik boshqaruv organlari tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoniga asosan quyidagi asosiy tashkiliy-huquqiy shakllarda tashkil etiladigan xo‘jalik birlashmalari xo‘jalik boshqaruvi organlari hisoblanadi:
– tarkibiga kiruvchi korxonalarning xo‘jalik birlashmasiga tegishli bo‘lgan aksiya paketlari orqali ana shu korxonalarning xo‘jalik boshqaruvini amalga oshiruvchi aksiyadorlik kompaniyalari, shu jumladan davlat-aksiyadorlik kompaniyalari;
– muassis-korxonalar tomonidan ular faoliyatiga ko‘maklashish uchun muassis-korxonalarning aksiyalari paketlarini boshqarish huquqisiz ayrim umumiy vazifalarni ularga topshirish yo‘li bilan ixtiyoriylik asosida tashkil qilinadigan uyushmalar.
Demak, taklif etilayotgan Konstitutsiyaviy qonun loyihasida ko‘rsatilgan xo‘jalik boshqaruvi organlari faoliyatini muvofiqlashtirish va ular ustidan nazoratni ta’minlash Vazirlar Mahkamasi vakolatidan chiqarilmoqda. Bu esa o‘z navbatida xo‘jalik boshqaruvi organlari faoliyatini yanada erkinlashtirishga olib keladi.
Barchamizga ma’lumki, mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati sohasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. O‘tgan vaqt ichida yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, mamlakatimiz istiqboli uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir, tashabbuskor, shijoatli yoshlarni tarbiyalash borasida alohida tizim yaratildi.
Shu bilan bir qatorda Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga asosan Vazirlar Mahkamasiga ham bu masalada bir qator vakolatlar berildi. Xususan, davlatning yoshlarga oid siyosati amalga oshirilishini ta’minlash, oilani qo‘llab-quvvatlash, mustahkamlash va himoya qilish, an’anaviy oilaviy qadriyatlarni saqlab qolish choralarini ko‘rish. Ijtimoiy himoya qilish, shu jumladan nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish tizimining faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash.
Fuqarolik jamiyati institutlarini, shu jumladan jamoat birlashmalarini qo‘llab-quvvatlash choralarini amalga oshiradi, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish va bajarishda ularning ishtirok etishini ta’minlash, ijtimoiy sheriklikka oid dasturlarning amalga oshirilishini ta’minlash vakolatlari Vazirlar Mahkamasiga berildi.
Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 98-moddasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining hokimiyatlar bo‘linishi prinsipiga asoslangan holda ijro etuvchi hokimiyatni amalga oshirib, mamlakatimizda iqtisodiy va ijtimoiy sohada samaradorlikni ta’minlash bo‘yicha huquqiy maqomini belgilab berdi hamda mamlakatimizda ijro hokimiyati tizimini izchil isloh etish va yanada demokratlashtirish va modernizatsiya etishda mustahkam asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Jo‘rabek MURODOV,
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi
Yuristlar malakasini oshirish markazi
Xususiy-huquqiy fanlar
kafedrasi katta o‘qituvchisi
O‘zA