Inson umrining daxlsizligi oliy maqomga ega bo‘lmoqda
Munosabat
Insonlar qayerda tug‘ilganidan, qayerda yashashidan, irqidan, millatidan, kelib chiqishidan, jinsidan, tilidan va boshqa anatomik belgilaridan qat’i nazar, bitta – odam oilasiga mansub va barcha huquqlarda teng yaratilgan. Ammo, bu tenglikka nechog‘liq amal qilish darajasi u yashab turgan jamiyat va undagi huquqiy muhit bilan bevosita bog‘liq. Shu sababli ham, insoniyat bitta oila tarkibida bo‘lsa-da, turli mamlakatlarda, turli davrlarda har xil sharoitlarda yashab kelmoqda.
O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan buyon o‘tgan davrga nazar tashlaydigan bo‘lsak, har bir insonning teng huquqli sharoitlarda yashashi uchun bosqichma-bosqich huquqiy mexanizmlar takomillashtirib borilmoqda. Ayniqsa, joriy yil inson qadrini ulug‘lash maqsadi bilan tarix sahifalariga kirdi. Inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar – insonparvar davlat barpo etish Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasidan o‘rin oldi.
Mamlakatimizning Bosh qonuni – Konstitutsiyada inson qadrini oshirishga oid me’yorlarni yanada takomillashtirish va kuchaytirish maqsadida boshlangan konstitutsiyaviy islohotlar xalqimiz tomonidan ko‘tarinki kayfiyat bilan qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Joriy yilda O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi qabul qilinganiga o‘ttiz yil to‘lmoqda. Demokratik huquqiy davlat va erkin fuqarolik jamiyati barpo etish yo‘lidagi 30 yillik mustaqil hayot tarix sahifalarida o‘chmas iz qoldirdi. Albatta, ushbu ulug‘ maqsadlar sari boshlangan rivojlanish va taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tish oson kechmadi. Ammo, O‘zbekiston xalqi tanlagan to‘g‘ri yo‘l va olib borilgan oqilona siyosat yillar davomida o‘z samarasini berib kelmoqda. Inson qadr-qimmatini oshirishga doir islohotlar yil sayin quloch yoymoqda.
Konstitutsiyaviy islohotlarning eng asosiy ustuvor vazifalari – inson manfaatini to‘g‘ridan-to‘g‘ri va samarali himoya qilish, inson huquqlari va erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmati, shaxsiy, mulkiy va ma’naviy daxlsizliklarining so‘zsiz ta’minlanishiga qaratilganligi bilan e’tiborga molikdir.
Bir necha minglab fuqarolarimizning takliflari asosida shakllantirilgan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasida oltmishdan ortiq normalar qatori “O‘zbekistonda o‘lim jazosi taqiqlanadi” degan normaning kiritilishi inson hayoti yanada ishonchli himoya qilinishiga qaratilganligi bilan ham e’tiborni tortadi, uning xalqchilligini oshiradi.
Ma’lumki, 2008 yil 1 yanvardan boshlab jinoyat qonunchiligidan o‘lim jazosi butunlay olib tashlanib, uning o‘rniga umrbod yoki uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi joriy etilgan edi.
Mamlakatimizda o‘lim jazosidan voz kechilganligi bejiz emas. Birinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 24-moddasida har bir inson uchun yashash huquqi berilgan. Insonparvar demokratik davlat uchun shunday muqaddas huquqdan jazo tariqasida mahrum etish konstitutsiyaviy demokratik davlat tamoyillariga ham, insonparvar davlat tamoyillariga ham mos kelmaydi. Ikkinchidan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qoidalariga ko‘ra, yashash huquqi tabiiy huquq, bunday huquqdan mahrum etish mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1991 yil 30 sentyabr kungi qarori bilan ratifikatsiya qilingan Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi mezonlariga zid hisoblanadi. Uchinchidan, biz mustabitlik yillarining mudhish kunlarini, 1937-1953 yillar oralig‘ida yuz mingga yaqin vatandoshimiz qatag‘on qilinganligini, ularning 13 ming nafari otib tashlanganini, shuningdek, “paxta ishi” bilan bog‘liq qatag‘on yillarini unutganimiz yo‘q.
Masalan, “paxta ishi” bilan bog‘liq uydirmalar oqibatida vatandoshlarimiz orasida nohaq o‘lim jazosiga hukm qilinganlar bo‘ldi. Achinarlisi shundaki, Mustaqillik yillarida ishlar qayta ko‘rilib, ularga nisbatan oqlov hukmlari chiqarilgan vaqtda hukm ijro etilib bo‘lganlik holatlari qasdlar, xatolik yoki befarqliklar bilan ham inson umriga zavol bo‘lish mumkinligini tarixning o‘zi gapirib turibdi.
To‘rtinchidan, insonlarni o‘lim jazosi bilan qo‘rqitish orqali ular ustidan zo‘ravonlik qilish mexanizmi butunlay va ishonchli barham topadi. Beshinchidan, o‘lim jazosi faqatgina qisqa muddatli jismoniy jazo hisoblansa, umrbod qamoq jazosi yillar davomida ham jismoniy, ham ma’naviy, ham ruhiy azoblanishni taqozo etadi.
Bir so‘z bilan aytganda, Konstitutsiyamizda “O‘zbekistonda o‘lim jazosi taqiqlanadi” degan normaning qat’iy belgilab qo‘yilishi inson huquqlariga sodiqligimizni, inson qadrini ulug‘lashga qo‘ygan katta va zalvorli qadamimizni yaqqol namoyon etmoqda. Zero, tabiatning gultoji bo‘lgan inson umri insonparvar Yangi O‘zbekistonda oliy maqomga ega bo‘lib, mutlaqo daxlsizdir.
Abdukamol RAHMONOV,
O‘zbekiston “Adolat” SDP
Siyosiy Kengashi raisi o‘rinbosari.
O‘zA