Konstitutsiyamizning ba’zi bo‘limlarini o‘zgartirishga ehtiyojimiz bor (+video)
Mamlakatimizda Konstitutsiyaviy islohotlar jarayoni qizg‘in pallaga kirdi. 25 iyundan boshlangan umumxalq muhokamasi natijasi umumlashtirilib, Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartirishlar loyihasi ommaviy muhokamaga qo‘yildi.
Asosiy Qonunimizga zamon talablaridan fuqarolarimiz istak va xohishidan kelib chiqqan holda o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflar berilmokda. Quvonarlisi, taklif berayotganlar nafakat qonunchilik ilmiga ega olimlar, ziyolilar, shifokorlar, o‘qituvchilar, balki oddiy odamlar va ayniqsa yoshlardir. Shu kungacha fuqarolar va tashkilotlardan 60 mingdan ortiq takliflar qabul qilib olindi.
Uning natijalariga ko‘ra, “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi O‘zbekiston Respublikasi referendumiga qo‘yilishi kutilmoqda.
Konstitutsiyaviy qonun loyihasi Bosh qomusimizning 64 ta moddasiga 200 dan ortiq o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutadi. Bundan tashqari, 6 ta yangi modda bilan 16 ta yangi norma kiritilmoqda.
Ularning aksariyati mazmun-mohiyatiga ko‘ra, “Inson – jamiyat – davlat”, “Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” degan tamoyillarni konstitutsiyaviy qoida sifatida muhrlashga, xalqparvar davlat barpo etishga, inson huquqlarining himoyasi va ijtimoiy muhofazasini kuchaytirishga, yoshlarning huquq va manfaatlarini to‘la ta’minlashga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.
“Inson qadri uchun” g‘oyasini hamda hozirgi islohotlarimizning bosh tamoyili bo‘lgan “Inson-jamiyat-davlat”, degan yondashuvni Konstitutsiyamizning mazmuniga chuqur singdirib, amaliy hayotimizda bosh qadriyatga aylantirishimiz zarur. Ya’ni insonning qadr-qimmati, sha’ni va g‘ururi bundan buyon barcha sohalarda birinchi o‘rinda turishi kerak, degan Prezidentimizning gaplari juda ham to‘g‘ri va o‘rinli. Chunki, inson munosib shart-sharoitlarda ta’lim olsa, yaxshi muhitda tarbiya ko‘rsa, o‘z sevgan kasbida ishlasa, farovon hayot kechirsagina jamiyatga, davlatga foydasi ko‘prok tegadi. Zero, mamlakatimizda inson qadri hamma narsadan muqaddas va daxlsizdir.
O‘zbekiston huquqiy, ijtimoiy, dunyoviy demokratik davlat ekanligi belgilab qo‘yilmoqda. «Inson hamda fuqaroning huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy maqsadi» ekanligi ham belgilanmoqda.
Kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar, avvalo, inson qadrini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan bo‘lib, ayniqsa, ta’limga oid bo‘lgan o‘zgartirishlar bilan tanishib chiqar ekanman, pedagog sifatida men har bitta kiritilayotgan o‘zgarishlarni qo‘llab-quvvatlayman. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonuni loyihasida ta’limni, ilm-fanni, millatni va xususan, yoshlarni ma’naviy jihatdan qo‘llab-quvatlashning aniq konstitutsiyaviy kafolatlari nazarda tutilmoqda. Bunda:
- davlat maktabgacha ta’lim va tarbiyani rivojlantirishga ko‘maklashishi, har bir bolaning umumiy o‘rta ta’limga doir yillik tayyorgarlikdan o‘tishga bo‘lgan huquqi kafolatlanmoqda;
- davlat bepul umumiy o‘rta ta’limni, shuningdek tanlov asosida davlat ta’lim tashkilotlarida bepul oliy ma’lumot olish huquqini mustahkamlanmoqda;
- alohida ehtiyojlarga va individual imkoniyatlarga ega bo‘lgan bolalar uchun inklyuziv ta’lim va tarbiyani tashkil etish belgilanmoqda;
- davlat iqtidorli yoshlarning moddiy ahvolidan qat’i nazar, ta’lim olishni davom ettirilishini kafolatlamoqda;
- ta’lim muassasalari va tashkilotlarining xususiy va boshqa shakllarini rivojlantirish uchun davlat teng sharoitlar yaratishi;
- har kim davlat ta’lim tashkilotlarida tanlov asosida bepul oliy ma’lumot olishga haqli ekanligi;
- oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari qonunda belgilangan doirada o‘zini o‘zi boshqarish, akademik erkinlik, shuningdek tadqiqotlar o‘tkazish va o‘qitish erkinligi huquqiga egaligi;
- davlat ilm-fanni rivojlantirishga, jahon ilmiy hamjamiyati bilan ilmiy aloqalar o‘rnatishga ko‘maklashishi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, pedagog xodimlarning maqomini har tomonlama mustahkamlash jamiyat va davlatning eng muhim vazifasi deb e’tirof etilishi, pedagog xodimlarning huquqlari, sha’ni va obro‘-e’tibori davlat himoyasida ekanligi konstitutsiyaviy kafolatlaydi. Qolaversa, pedagog xodimlarning kasbiy faoliyatiga aralashishga, ularning xizmat majburiyatlarini bajarishiga monelik qilishga yo‘l qo‘yilmasligi qat’iy belgilanmoqda. Bular esa yurtimiz pedagoglarining huquq va erkinliklarini yanada mustahkamlashga, ta’lim sifati samaradorligini yanada ortishiga xizmat qiladi.
bugungi davr o‘zgarishlarni talab qilmoqda. Bu esa, konstitutsiyaviy islohotlar bilan amalga oshiriladi. Dunyo tajribasi shunday. Shiddatli davr zamonga mos harakat va o‘zgarishlarni talab etadi. Ana shunday talabga javob beradigan mukammal Konstitutsiyaga ega bo‘lish uchun asosiy qonunimizning yangi loyihasi tayyorlanishi, albatta, xalqimiz manfaatlariga munosib ish hisoblanadi.
Yurt kelajagi va Vatanimiz taqdiri barchamizning mazkur jarayondagi faol ishtirokimizga bog‘liq bo‘lib, kelgusi taraqqiyotimiz uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
Video: https://youtu.be/sZFeNyk1dVU
Bahrom Abdullayev,
Urganch davlat universiteti rektori, f-m.f.d.
Sh.Otaboyev, N.Abduvoitov (video), O‘zA