Sankt-Peterburgdagi vatandosh: Konstitusiya loyihasida muhokamaga qo‘yilgan yangi yuridik normalarning Bosh qonunimizda mustahkamlanishi shaxs huquqlarini himoya qilishning kafolatidir
SANKT-PETERBURG, 10 iyul. /«Dunyo» AA/. Yurtdoshimiz, Kaliningrad shahridagi Sinergiya universiteti huquqshunoslik fakul'teti talabasi Ozodbek Nuraliev O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitusiyaviy islohotlarga o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
– Davlatimiz rahbari tomonidan aholi farovonligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar bizni juda xursand qiladi.
Xorijda, advokatlik kasbi eng old kasblardan biri hisoblanadi, jamiyatda yuqori mavqeiga ega. Bizda ham xuddi xorijdagi kabi surishtiruv, tergov va sud jarayonida advokatning maqomi va vakolatlarini kengaytirish, ularning mustaqilligi va maqomini yanada mustahkamlash lozim.
Jumladan, o‘zgarayotgan Konstitusiyamizda har bir shaxs o‘z tanloviga ko‘ra va jinoyat prosessining har qanday bosqichida, shaxs ushlanganda esa – uning harakatlanish erkinligi huquqi amalda cheklangan paytdan boshlab advokat olish huquqiga ega bo‘lishi taklif qilinmoqda.
Ushlangan, ayblangan, sudlangan va hukm qilingan shaxsga advokat bilan to‘sqinliksiz va xoli uchrashuvlar hamda maslahatlashuvlar uchun zarur shart-sharoitlar ta'minlanishi kerak, degan zamonaviy va muhim normalar konstitusiya loyihasiga kiritilib muhokamaga qo‘yilgani va ushbu normalarning Bosh qonunimizda mustahkamlanishi jinoyat jarayonida shaxs huquqlarini himoya qilishning kafolati hisoblanadi.