Indoneziyadagi vatandosh: Konstitusiyaviy islohotlar Yangi O‘zbekiston uchun inson qadri va xalq manfaati hamma narsadan ustunligini isbotlaydi
JAKARTA, 10 iyul. /«Dunyo» AA/. Indoneziyadagi vatandoshimiz Svetlana Galiulina O‘zbekistondagi konstitusion islohotlarga munosabat bildirdi.
– So‘nggi yillarda mamlakatimizda olib borilayotgan salmoqli islohotlarni nafaqat biz xorijdagi fuqarolar, balki butun dunyo katta qiziqish bilan kuzatib turganiga guvohmiz.
Mamlakatimiz rivojlanib borgani sari ushbu ulkan ijobiy o‘zgarishlarni huquqiy qo‘llab-quvvatlab turuvchi qonun hujjatlari, xususan Konstitusiyamizga tegishli islohot qilinishi lozimligi tabiiy holat.
Bosh qomusimizda inson qadrini ulug‘lash va uning ustuvorligini ta'minlash borasida o‘zgarishlarni kiritilishi meni bir fuqaro sifatida juda quvontiradi.
Xususan, Prezidentimizning alohida e'tiborga muhtoj bo‘lgan bolalar uchun inklyuziv ta'lim tashkil etish, har bir shaxsning qulay mehnat sharoitida ishlash, mehnati uchun munosib haq olish, oliy ta'lim va ilm-fan sohalarini ustuvor taraqqiy ettirish, har bir inson malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga egaligi, chet elda yashayotgan va ishlayotgan fuqarolarimiz hamda vatandoshlar bilan muntazam aloqalarni saqlab qolish va rivojlantirish borasidagi takliflarini konstitusiyaga kiritilishi Yangi O‘zbekiston uchun inson qadri va xalq manfaati hamma narsadan ustunligini isbotlaydi, deb bilaman.
Mamlakatimizda olib borilayotgan ushbu xalqchil islohotlarni olqishlayman.