O‘zbekiston va Qozog‘iston Prezidentlari ko‘p qirrali munosabatlarni kengaytirish masalalarini muhokama qildilar
24-iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Suhbat avvalida Qozog‘iston yetakchisi davlatimiz rahbarini tavallud kuni bilan chin dildan tabriklab, unga mustahkam sog‘lik, baxt-saodat va katta zafarlar tiladi.
O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Savdo va logistika, sanoat va agrosanoat sohalarida kooperatsiya loyihalarini jadallashtirish muhimligi qayd etildi. O‘zbekiston va Qozog‘iston hukumatlari darajasida yaqindan aloqalarni davom ettirishga kelishib olindi.
Mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi. Shu hafta Qirg‘izistonda o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvining samarali natijalari yuksak baholandi.
Mintaqada yirik infratuzilmaviy loyihalarni tez fursatda tayyorlash va amalga oshirishni boshlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.