Ispaniyadagi yirik festival mavzusi birinchi marta O‘zbekiston turizmi va madaniy merosiga bag‘ishlandi
Ispaniya Qirolligining sayyohlarbop provinsiyalaridan biri Valensiyada XIV asrdan buyon muntazam ravishda o‘tkazib kelinayotgan "Marvlar va nasroniylar" festivalining navbatdagi mavzusi ilk marta O‘zbekiston turizmi va madaniy merosiga bag‘ishlandi.
Bosh vazir o’rinbosari – Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov mazkur festivalda O'zbekistonga alohida urg'u berilishi Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan islohotlar natijasi ekanligini ta'kidladi.
"Guvohi boʼlayotganingizdek, soʼnggi yillarda Prezidentimiz tomonidan turizm va madaniy meros sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida bugungi kunda dunyoning koʼplab yirik festivallarida Oʼzbekiston delegatsiyasi ishtirok etib, yurtimiz dovrugʼini oshirmoqda.
Festivalni tashkil etish uchun 10 ming nafar faol havaskorlar hamda butun dunyodan tomoshabin sifatida 100 ming nafarga yaqin havaskorlar tashrif buyuradi.
Аyni paytda, Ispaniya tomoni tadbir ishtirokchilari uchun milliy, tarixiy kiyimlar tikish boʼyicha oʼzbek hunarmand, dizaynerlariga buyurtmalar (600 dona kiyim kechak, 2000 ta doʼppi va Аmir Temur roli uchun alohida) bergan holda tayyorgarlik ishlariga 400 ming yevro mablagʼ sarflangan. Yaʼni tadbir davomida tashkil qilingan koʼrgazmalar respublikamiz hunarmandlarining mahsulotlarini eksport miqdorini oshirish va ularning bandligini taʼminlashga hissa qoʼshadi.
Bu yilgi tadbir davomida 100 mingdan ortiq mahalliy aholi va xorijiy sayyohlar ishtirok etib, ularga Oʼzbekiston madaniyati va turistik salohiyati keng targʼib qilinmoqda.
Ispaniyada boʼlib oʼtayotgan mazkur festavalda Oʼzbekiston delegatsiyasining ishtirok etishidan asosiy maqsad bu kabi ommaviy festivallar orqali xorijiy fuqarolarda Oʼzbekistonga boʼlgan qiziqishni orttirish hamda ommaviy festivallarni oʼtkazish boʼyicha Ispaniya tajribasini yaqindan oʼrganib, Oʼzbekistonda tadbiq etish hisoblanadi", – dedi vazir.
“2006-yilda Valensiyadan Sankt-Peterburgda o‘tkazilgan ko‘rgazmaga ishtirok etish uchun borgandim. U yerdagi muzeyda o‘zbek hunarmandchilik namunalari mening eʼtiborimni tortdi, ayniqsa, Buxoro zardo‘zlik sanʼati va milliy matolaringiz. Shundan so‘ng ushbu festivalda o‘zbek milliy liboslarini kiygan mavrlar jamoasini ko‘rish istagi meni tark etmadi. Mana, bu yilgi parad uchun Xiva, Buxoro shaharlari, shuningdek, Toshkentdagi Chorsu, Hazrati Imom majmualari va Azukar Moreno kolleksiyalaridan turli liboslar sotib oldik. O‘zbekiston bilan hamkorlikda ishlab, uzoq tayyorgarlik ko‘rdik va nihoyat, ushbu festivalda o‘zbek milliy liboslarini kiygan ishtirokchilar qatnashmoqda”, – dedi "Marvlar va nasroniylar" festivalining madaniy loyihalari rahbari Rafael Ferrero.
Tadbirda munosib ishtirok etish hamda mamlakatimiz turizm salohiyatini Ispaniyada keng targ‘ib qilish maqsadida Turizm va madaniy meros vazirligi O‘zbekistonning Ispaniyadagi elchixonasi bilan hamkorlikda o‘zbek folklor jamoasi, hunarmandlar va ommaviy axborot vositalari vakillaridan iborat delegatsiya ayni damda Valensiyada bo‘lib turibdi.
Festivalga ispaniyalik tashkilotchilar tomonidan ishtirokchilar uchun milliy, tarixiy kiyimlarni tikish bo‘yicha o‘zbek dizaynerlariga buyurtmalar (600 dona kiyim kechak, 2000 ta do‘ppi va Аmir Temur roli uchun alohida buyurtma) berilgani maʼlum qilindi. Bunda o‘zbekistonlik mashhur dizayner – Azukar Moreno nomi bilan tanilgan Kamola Rustamovaning festivalga qo‘shgan hissasini alohida qayd etish lozim.
Festivalda Аmir Temur obrazida namoyon bo‘lgan Аlberto Klimer o‘z ishtiroki haqida shunday deydi:
“Men O‘zbekistonda bir necha marotaba bo‘lganman. Samarqand, Buxoro, Xiva kabi shaharlar xotiramda abadiy qolgan. Yurtingizga qilgan sayohatimdan ilhomlanib, bu festivalda aynan Аmir Temur obrazini tanladim. Bilasizmi, Ispaniyada Аmir Temur bilan bog‘liq yaxshi xotiralar voqeliklar ko‘p. Ikki tomonlama aloqalarimiz o‘sha davrlarda o‘rnatilgan. Elchi Rui Gonsalez de Klavixo ham Samarqand haqida o‘z kundaligida yozib qoldirgan. Men buyuk shaxs obrazini gavdalantirayotganimdan faxrlanaman”.