Turkiyadagi vatandosh: Yangi O‘zbekistonning yangi g‘oyalari xalqimiz, jumladan, yoshlar uchun yangi imkoniyatlar eshiklarini ochishiga ishonaman
Anqara Haji Bayram Vali universiteti Adabiyot fakul'tetining San'at tarixi bo‘limi aspiranti Surayyo Xo‘jaeva O‘zbekistondagi konstitusiyaviy islohotlarga o‘z munosabatini bildirdi:
– Xorijda istiqimot qilayotganim sababli har kuni ijtimoiy tarmoqlar orqali mamlakatimizda kechayotgan konstitusiyaviy islohotlar jarayonlarini diqqat bilan kuzatib boraman.
Yangi O‘zbekistonning yangi g‘oyalari xalqimiz, jumladan, yoshlar uchun yangi imkoniyatlar eshiklarini ochishiga ishonaman. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev boshchiligida izchil davom etayotgan ijobiy o‘zgarishlar chetdan qaraganda yanada yorqinroq ko‘rinadi.
Hozirgi paytlarda yoshlarimizning nufuzli xorij universitetlarida tahsil olishlari uchun yaratilayotgan imkoniyatlar natijasi o‘laroq Vatanimizning intellektual salohiyati tobora ortmoqda. Yoshlarning yanada ko‘proq xorijga chiqishlari uchun Konstitusiyaga inson kapitalini yanada rivojlantirishga doir qo‘shimcha va me'yorlar kiritilishni olqishlayman. Davlatimiz rahbari aytganlaridek, O‘zbekiston yoshlar mamlakati bo‘lishi shart.
Nafaqat chet eldagi universitetlar, balki mamlakatimizdagi oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun qo‘shimcha o‘rinlar ajratilib, yosh talabalar uchun imkoniyatlar kengayib borayotgani quvonarli hol. Shu bilan birga, O‘zbekistonda xorijiy oliy ta'lim muassasalarining filiallari ochilayotgani ham ayni muddaodir.
Fikrimcha, davlat boshqaruvida ham chet el tajribasi va bilimini egallagan yoshlarga imkon berish kerak. Biz yoshlar mamlakatimizdan yanada ko‘p imkoniyatlarni kutib qolamiz.
Yangi O‘zbekistonda konstitusiyaviy islohotlar va aholi tomonidan berilayotgan fikr-mulohaza va takliflar men kabi xorijda ta'lim olayotgan talabalar hamda mehnat muhojirlarini judayam qiziqtirmoqda. O‘zbekiston ham Turkiya va Yevropaning qator mamlakatlari kabi rivojlanishini astoydil hohlaymiz va bu yo‘lda qo‘limizdan kelgan barcha imkoniyatlarimiz safarbar qilamiz.