Pokistonlik ekspertlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan davra suhbati Konstitusiyaviy islohotlar muhokamasiga bag‘ishlandi
Joriy yil 10 avgust kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan pokistonlik hamkorlar ishtirokida “Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan yangi konstitusiyaviy islohotlar tahlili” mavzusiga bag‘ishlangan davra suhbati tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Taraqqiyot strategiyasi” markazining Axborot xizmatidan ma'lum qilinishicha, tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi Jahongir Shirinov, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi hamda Pokiston “Umumiy kelajak jamiyati” tadqiqot markazining ekspertlari, Islomobod Oliy sudi vakillari, huquq, ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy islohotlar sohasidagi mahalliy va xorijiy mutaxassislar hamda ilmiy-akademik doiralar vakillari qatnashdi.
Davra suhbatida bugungi kunda O‘zbekistonda kechayotgan ijobiy o‘zgarishlar atroflicha muhokama qilinar ekan, islohotlarning konstitusiyaviy-huquqiy asoslarini mustahkamlash yuzasidan fikr-mulohazalar almashildi.
Shuningdek, tadbirda mahalliy ma'ruzachilar tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitusiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitusiyaviy qonun loyihasining mazmun-mohiyati hamda konstitusiyaviy islohotlarning barcha bosqichlari bo‘yicha ma'lumotlar taqdim etildi.
Tadbirni moderator sifatida boshqargan “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov o‘z nutqida Konstitusiyaviy qonun loyihasida nazarda tutilgan eng asosiy me'yorlarga to‘xtaldi.
Jumladan, E.Tulyakov O‘zbekiston Respublikasida amalga oshirilayotgan Konstitusiyaviy islohotlarning ahamiyati, “Inson – jamiyat – davlat” asosiy tamoyili va “Inson qadri uchun” g‘oyasini ilgari surishni nazarda tutuvchi mamlakatning asosiy qonuniga kiritilayotgan o‘zgarishlarning mazmun-mohiyatini, konstitusiyaviy kafolatlar va qonun ustuvorligini ta'minlash, shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish uchun islohotlarning shartlari to‘g‘risida fikr yuritdi.
Shu bilan birga, davra suhbatida Konstitusiyaviy qonun loyihasida fuqarolarning iqtisodiy huquqlari, xususiy mulkchilik, iqtisodiy faoliyatning erkinligini himoya qilishga oid o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilayotganligi hamda ushbu o‘zgartirishlar xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qilishi ta'kidlandi.
Shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasi raisi, Konstitusiyaviy komissiya a'zosi Jahongir Shirinov konstitusiyaviy islohotlarning barcha bosqichlari hamda ushbu jarayonda keng jamoatchilikning ishtiroki haqidagi ma'lumotlarni o‘rtoqlashdi.
Tadbirda ishtirok etgan Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti rektori Gulchehra Rixsieva, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori Kongratboy Sharipovlar Konstitusiyaviy islohotlarning ijtimoiy-iqtisodiy sohalardagi ahamiyati qanchalik muhim ekanligini e'tirof etdilar.
O‘z navbatida, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitusiyaviy islohotlar jarayoni bo‘yicha pokistonlik mutaxassislar ham o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.
Xususan, Pokiston “Umumiy kelajak jamiyati” tadqiqot markazi ijrochi direktori Xolid Taymur Akram o‘z nutqida O‘zbekistondagi islohotlarning so‘nggi yillardagi dinamikasi, mamlakatdagi konstitusiyaviy o‘zgarishlar O‘zbekiston Prezidenti tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirilishida muhim bosqich ekanligini e'tirof etdi.
– O‘tgan 5 yilda O‘zbekistonning rivojlanishida sezilarli siljish ko‘zga tashlandi. Prezident Shavkat Mirziyoev rahbarligi ostida O‘zbekistonni mintaqadagi muhim davlatga aylantirish, shu bilan birga, xalqaro hamjamiyat e'tiborini O‘zbekistonga qaratish borasida ham muayyan natijalarga erishildi. Xususan, O‘zbekiston iqtisodiy jihatdan nafaqat Markaziy Osiyo, balki Yevroosiyo mintaqasidagi jadal rivojlanayotgan davlatlardan biriga aylandi. Bu esa, tashqi siyosatda o‘zaro mintaqaviy bog‘liqlikni rivojlantirish, jumladan, Markaziy va Janubiy Osiyo misolida, shuningdek, ichki siyosatda davlat va jamiyat o‘rtasidagi o‘zaro aloqani mustahkamlash jarayonlarida ham yaqqol ko‘zga tashlanmoqda.
Ekspertning fikricha, mazkur islohotlarni izchil davom ettirish uchun, albatta, mamlakatda Konstitusiyaviy islohotlarning o‘tkazilishi tabiiy zaruratdir. Shuningdek, ekspert tomonidan Konstitusiyaviy o‘zgartirishlarda, eng avvalo, milliy qadriyatlardan kelib chiqqan holda fuqarolarning shaxsiy huquq va erkinliklarini kafolatlashga, xususan, mamlakat aholisining asosiy qismi bo‘lgan yoshlarga ham alohida urg‘u berilganligi e'tirof etildi.
Mar'yam Raza, Pokiston “Umumiy kelajak jamiyati” tadqiqot markazi ijrochi direktori o‘rinbosari:
– Shuni alohida ta'kidlash joizki, bugun Prezident Shavkat Mirziyoev boshchiligida O‘zbekiston muhim ijtimoiy-siyosiy o‘zgarishlarga yuz tutmoqda. O‘zbekistonda inson qadrini yuksaltirishga ustuvor ahamiyat qaratilayotgani yuksak e'tirofga loyiq. Ishonch bilan ayta olamanki, O‘zbekiston Konstitusiyasiga kiritilayotgan o‘zgartishlar mamlakatda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish va fuqarolik jamiyatining rivojlanishiga katta hissa qo‘shadi.
Muhammad Usama Rauf, Islomobod Oliy sudining advokati va xalqaro huquq bo‘yicha ekspert:
– Konstitusiyaviy islohotlarda davlat boshqaruvi sohasida ilgari surilayotgan o‘zgartirishlarga alohida to‘xtalib o‘tish joiz. Mazkur jarayonlarda, ayniqsa jamoatchilik ishtirokini kuchaytirish bo‘yicha ilgari surilayotgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlayman.
Ayniqsa, Parlament nazoratini amalga oshirishga oid Oliy Majlis palatalari vakolatlarining konstitusiyaviy asoslarini kuchaytirish bo‘yicha kiritilayotgan takliflar alohida ahamiyatga ega. Tabiiyki, Parlament faoliyatining takomillashuvi davlatning boshqa institutlari samaradorligining ortishiga xizmat qiladi.
Shuningdek, Islomobod Oliy sudining sobiq bosh advokati Mian Abdul Rauf O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitusiyaviy islohotlar zamonaviy voqeliklardan kelib chiqqan holda zarur ekanligini, bu ijtimoiy, siyosiy va iqtisodiy taraqqiyotning harakatlantiruvchi kuchiga aylanishini ta'kidladi.
Davra suhbati yakunida ikki mamlakat tadqiqot markazlari tomonidan kelgusida ham O‘zbekiston va Pokistonda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonini birgalikda tahlil etish va istiqbolda hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirishga kelishib olindi.