“InnoWeek-2019”: innovatsion g‘oyalar bilan taraqqiyot sari
29-oktabr kuni “InnoWeek.Uz-2019” – innovatsion gʻoyalar haftaligi oʻz ishini boshladi. Tadbirning tantanali ochilish marosimida Fan, taʼlim, sogʻliqni saqlash va sport masalalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Abdujabbor Abduvaxitov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri oʻrinbosari Aziz Abduhakimov, Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov hamda Osiyo-Tinch okeani texnologiyalar transferi markazining (APCTT) rahbari Michiko Enomoto ishtirok etishdi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati xabar berdi.
-Prezidentimiz “Bugungi kunda dunyo miyosida shafqatsiz raqobat tobora keskin tus olmoqda. Bunday murakkab sharoitda zamonaviy ilm-fan va innovatsiya yutuqlarini keng joriy etish boʻyicha biz uzluksiz ish olib borishimiz kerak”, deb bir necha bor taʼkidlab kelmoqdalar. Bugungi tadbir xalqaro miqyosda innovatsiya sohasida faoliyat yuritayotgan turli darajadagi soha vakillari hamda davlat organlari, innovatsion infratuzilma subyektlari, erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari, texnoparklar va xususiy tadbirkorlar, shuningdek, chet el investitsiya fondlari, innovatsion markazlar va boshqa manfaatdor tashkilotlar vakillari uchun oʻzaro manfaatli hamkorlik platformasini tashkil etishga xizmat qiladi, - dedi A.Abduvaxitov .
Maʼlumot oʻrnida:
→ 2018-yilda Xalqaro innovatsion gʻoyalar haftaligida respublikamizning hududlaridan hamda 20 dan ortiq xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan olimlar, ishbilarmonlar, yirik kompaniyalar vakillari soni 5278 nafarni tashkil etgan.
→ Bugungi boshlanayotgan innovatsion haftalikda 30 dan ortiq xorijiy davlatlar vakillari va respublikamizdan jami 6000 dan ortiq ishtirokchilar qatnashishi kutilmoqda.
→ Koʻrgazmada 17 ta xorijiy va 29 ta mahalliy korxona va tashkilot ishtirok etmoqda.
→ Joriy yildagi innovatsion haftalik doirasida tashkilo etilayotgan xalqaro innovatsion-investitsion forumda 35 dan ortiq xorijiy va 20 dan ortiq mahalliy spikerlar qatnashmoqda.
“Xalq so‘zi online” veb-sahifasi