Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish boʻyicha galdagi vazifalar belgilandi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2019-yil 15-noyabr kuni farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish hamda aholini dori vositalari bilan taʼminlash borasidagi ishlar tahlili va galdagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bagʻishlangan yigʻilish oʻtkazdi.
Davlatimiz rahbarining 2017-yil 7-noyabrdagi “Farmatsevtika tarmogʻini boshqarish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq Sogʻliqni saqlash vazirligi huzurida Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi tashkil etilgan edi. Tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida dori vositalari va tibbiyot buyumlarini roʻyxatdan oʻtkazish muddati qisqartirildi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar xomashyo va texnologik uskunalarni import qilishda bojxona toʻlovlaridan ozod etildi.
Bularning natijasida soʻnggi ikki yilda 41 ta yangi farmatsevtika korxonasi tashkil etilib, jami korxonalar soni 191 taga yetdi. Joriy yilda ishlab chiqarish hajmi oʻtgan yilgiga nisbatan 1,5 barobarga oʻsdi.
Farmatsevtikaga ixtisoslashgan 8 ta erkin iqtisodiy zonada qiymati 84 million dollarlik 18 ta yangi quvvat ishga tushirilib, 600 turdagi dorilar va 50 dan ortiq tibbiy buyumlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.
Lekin bu quvvatlar hali yetarli emas, mahalliy farmatsevtika mahsulotlarining assortimenti ham tor. Shu bois ichki bozor ehtiyojlari toʻliq qondirilmayapti va import qilishga toʻgʻri kelyapti.
Mamlakatimiz farmatsevtika bozori 1 milliard dollar atrofida boʻlib, unda mahalliy ishlab chiqaruvchilar hissasi yuqori emas. Dori vositalari harakatining toʻliq siklini kuzatish – markirovka tizimi joriy etilmagani oqibatida ularning sifati va narxini nazorat qilish qiyin kechmoqda. Masalan, oʻtgan ikki yilda yurtimizga sifat standartiga javob bermaydigan 123 milliard soʻmlik dori-darmonlarni olib kirish holatlari aniqlangan.
Bunday sharoitda aholi salomatligini muhofaza qilishning eng ishonchli va samarali yoʻli – diyorimizda yetishtirilgan tabiiy toza, dorivor oʻsimliklar asosida yuqori sifatli mahsulotlar ishlab chiqarish koʻlamini kengaytirish.
Yigʻilishda Prezident Shavkat Mirziyoyev yigʻilishda ana shu jihatlarga alohida eʼtibor qaratib, aholi va sogʻliqni saqlash muassasalarini arzon hamda sifatli dori vositalari, tibbiyot buyumlari va texnikalari bilan taʼminlash borasidagi ustuvor vazifalarni belgilab berdi.
2025-yilgacha ichki bozorda dori vositalari isteʼmol hajmining kamida 50 foizini mahalliylashtirish, jumladan, oʻzlashtirilgan dori nomlarini hozirgi 2,5 mingdan 4 mingtaga yetkazish uchun imkoniyatlar yetarli ekani taʼkidlandi.
Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga yangi turdagi mahsulotlar roʻyxatini shakllantirib, Hindiston, Rossiya, Ukraina, Xitoy, Vengriya, Bolgariya va Slovakiyaning yirik farmatsevtika korxonalari bilan hamkorlikda istiqbolli loyihalarni ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.
Mutasaddilarga yaqin besh yilda mahalliy original dori vositalari sonini kamida 100 taga yetkazish hamda sanoat usulida ishlab chiqarish, shu maqsadda korxonalar va ilmiy tekshirish institutlari hamkorligida Qibray tumanida zamonaviy texnopark hamda Buyuk Britaniyaning nufuzli oliy taʼlim dargohi filialini tashkil qilish boʻyicha koʻrsatmalar berildi. Zamon talabiga mos kadrlar tayyorlash, soha mutaxassislarining xorijda malaka oshirishini tashkil etish masalalariga ham eʼtibor qaratildi.
Moliya vazirligi hamda Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligiga dorilarni maxsus markirovkalash va harakatini nazorat qilish boʻyicha dasturiy taʼminot yaratib, 2020-yil yakuniga qadar amaliyotga joriy etish topshirildi. Bu kontrafakt dori vositalari aylanishiga chek qoʻyish va dorilarga boʻlgan real talabni “onlayn” ravishda kuzatib borish imkonini beradi.
Mamlakatimizdagi tarmoq korxonalarida Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tavsiya etgan GMP standarti joriy qilinmoqda. Aholini sifatli mahsulotlar bilan taʼminlash maqsadida, import qilinayotgan xorijiy dori vositalarini roʻyxatga olishda ham mazkur standartga muvofiqligini majburiy tekshirish tartibini oʻrnatish boʻyicha tavsiyalar berildi.
Yigʻilishda yana bir muhim masala – sogʻliqni saqlash muassasalarini arzon va sifatli dori-darmonlar bilan toʻliq taʼminlash holati koʻrib chiqildi. Bu borada shaffoflik va oshkoralikni taʼminlash maqsadida endilikda davlat tibbiyot muassasalari uchun dorilar xaridi, ularni saqlash va yetkazib berish yangi tartibda amalga oshirilishi belgilandi.
Yaʼni, Sogʻliqni saqlash vazirligi markazlashgan xaridlar boʻyicha tenderlar tashkil etadi va xaridlar shaffofligini taʼminlaydi. Tender gʻoliblari dori vositalarini markazlashgan xarid qilish, saqlash va davlat tibbiyot muassasalariga yetkazib berish xizmatlarini amalga oshiradi.
Dori vositalari bozorida korrupsiyani bartaraf etish, sogʻlom raqobat muhitini rivojlantirish, ijtimoiy dorixonalarni sifatli va arzon mahsulotlar bilan uzluksiz taʼminlash yuzasidan topshiriqlar berildi.
Sohada olib borilayotgan islohotlar ahamiyatini ommaviy axborot vositalari orqali tushuntirish, xalqqa yetkazish muhimligi taʼkidlandi.
Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish boʻyicha besh yillik konsepsiya ishlab chiqish vazifasi qoʻyildi.
Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar boʻyicha mutasaddilarning axboroti eshitilib, zarur chora-tadbirlar belgilandi.
O‘zA