Shavkat Mirziyoyev Xitoy raisi Si Szinpinga tabrik yo‘lladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinga Xitoy Kommunistik partiyasining XX qurultoyi muvaffaqiyatli o‘tkazilgani hamda u partiyaning Markaziy qo‘mitasi Bosh kotibi lavozimiga qayta saylangani munosabati bilan tabrik yo‘lladi.
"Xitoy Xalq Respublikasi Sizning rahbarligingiz ostida misli ko‘rilmagan yutuqlarga erishib kelmoqda. Uzoqni ko‘zlagan dono siyosatingiz, olib borayotgan keng ko‘lamli islohotlaringiz, avvalo, Xitoy xalqining turmush tarzini tubdan yaxshilashga va mamlakatning bardavom taraqqiyotini mustahkamlashga xizmat qilmoqda", deyiladi jumladan maktubda.
Davlatimiz rahbari Si Szinpin tomonidan e’lon qilingan yangi rejalar va olg‘a surilgan barcha tashabbuslar Xitoy davlatining gullab-yashnashiga munosib hissa qo‘shishi va uning xalqaro nufuzini yanada yuksaltirishiga ishonch bildirgan.
bugungi kunda Xitoy O‘zbekistonning yetakchi savdo hamkoriga aylangani, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik barcha sohalarda jadal rivojlanib borayotgani alohida qayd etilgan.
"Siz, aziz birodarim bilan bundan keyin ham do‘stona va ochiq muloqotlarni davom ettirishga tayyorligimni bildiraman. Ishonchim komilki, kelajakda O‘zbekiston-Xitoy o‘zaro manfaatli aloqalarini birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz bilan yanada yuqori cho‘qqilarga albatta olib chiqamiz", deyiladi maktubda.
Mamlakatimiz yetakchisi Si Szinpinga sihat-salomatlik, oilaviy baxt-saodat va mas’uliyatli davlatchilik faoliyatida yangi zafarlar, do‘st Xitoy xalqiga esa tinchlik va davomiy ravnaq tiladi.