O‘zbekiston Prezidentining Fransiyaga tashrifi samarali bo‘ldi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga rasmiy tashrifi samarali bo‘ldi.
Tashrifning ikkinchi kunida Fransiya Milliy yig‘ini Raisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
O‘zbekiston va Fransiya Prezidentlari Yelisey saroyida muzokara o‘tkazdilar, rafiqalari bilan birgalikda Luvr muzeyi va Arab dunyosi institutida O‘zbekistonning madaniy merosiga bag‘ishlangan yirik ko‘rgazmalar bilan tanishdilar.
Tashrif yakunlari bo‘yicha davlat rahbarlari yuksak darajadagi keng qamrovli sheriklik munosabatlarini rivojlantirish maqsadida Qo‘shma bayonot qabul qildilar.
Umuman, O‘zbekiston-Fransiya munosabatlarini yanada kengaytirishga qaratilgan 14 ta kelishuv qabul qilindi. Fransiya taraqqiyot agentligi bilan 2023-2025 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturini amalga oshirish bo‘yicha strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitim hamda Tashqi siyosiy idoralar o‘rtasidagi 2023-2024 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi shular jumlasidan.
Madaniy-tarixiy meros, maktabgacha, xalq va oliy ta’lim, davlat xizmatini rivojlantirish sohalarida hamkorlik to‘g‘risida deklaratsiyalar ham imzolandi.
Fuqarolik aviatsiyasi, korrupsiyaga qarshi kurashish, sudyalarning malakasini oshirish, fransuz tilini o‘qitish va boshqa yo‘nalishlarda hujjatlar qabul qilindi.
Umumiy qiymati 6 milliard yevrodan ziyod bo‘lgan savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy hamkorlik loyihalarini amalga oshirish yuzasidan ikki tomonlama kelishuvlarga erishildi.
Tashrif dasturidagi tadbirlar yakunlangach, “Parij-Orli” aeroportida oliy martabali mehmonni Fransiya hukumatining rasmiy shaxslari kuzatib qo‘ydi. Davlatimiz rahbari Toshkentga jo‘nab ketdi.