Mehnatga maʼmuriy tarzda majburlash uchun javobgarlik kuchaytirildi
“Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonun (OʻRQ-603-son, 22.01.2020-y.) Prezident tomonidan imzolandi.
Qonun bilan 10 ga yaqin qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi.
Jumladan, Jinoyat kodeksi voyaga yetmagan shaxslarning mehnatidan foydalanishga yoʻl qoʻyilmasligiga oid talablarni buzganlik hamda mehnatga maʼmuriy tarzda majburlash uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi moddalar bilan toʻldirildi.
Unga koʻra, voyaga yetmagan shaxs mehnatidan uning sogʻligʻiga, xavfsizligiga yoki axloq-odobiga ziyon yetkazishi mumkin boʻlgan ishlarda foydalanish, bunday qilmish uchun maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin sodir etilgan boʻlsa:
- BHMning 25 baravarigacha miqdorda jarima;
- 3 yilgacha muayyan huquqdan mahrum qilish;
- 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksida xususiy bandlik agentliklari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik belgilandi.
Shuningdek, mazkur kodeksda mehnatga maʼmuriy tarzda majburlash uchun javobgarlik kuchaytirildi.
Xususan, mehnatga biron-bir shaklda maʼmuriy tarzda majburlash (bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno) uchun BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima belgilandi.
(Hozirda BHMning 10 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda)
Bundan tashqari, Amalga oshirilishi uchun litsenziyalar talab qilinadigan faoliyat turlarining roʻyxati atom energiyasidan foydalanish sohasidagi faoliyat bilan toʻldirildi.
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Qonunning ayrim moddalari va bandlari Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran uch oy oʻtgach amalga kiritiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi telegram kanali