O‘zbekiston Prezidenti BAA bilan innovatsion hamkorlikni rivojlantirish muhimligini qayd etdi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Arab Amirliklari Hukumat ishlari bo‘yicha vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gargaviy boshchiligidagi delegatsiya bilan 4 aprel kuni o‘tkazilgan uchrashuvida yuqori texnologiyalar, sun’iy intellekt, raqamlashtirish, shahar infratuzilmasini modernizatsiya qilish borasidagi aniq loyiha va dasturlarni amalga oshirish istiqbollari, hududlarning savdo-investitsiyaviy salohiyatini ro‘yobga chiqarish va boshqa masalalar ko‘rib chiqildi.
Davlatimiz rahbari ushbu yo‘nalishlar bo‘lajak oliy darajadagi ikki tomonlama sammit kun tartibining asosini tashkil etishi lozimligini qayd etdi.
Bundan tashqari, amalga oshirilayotgan islohotlar samaradorligini oshirish, boshqaruvda professional kadrlarni va dasturchilarni tayyorlash, elektron hukumatni joriy qilish yo‘nalishlarida va boshqa sohalarda o‘zaro foydali hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdorlik bildirildi.
Vazir al-Gargaviy davlatimiz rahbariga Amirliklar Prezidenti Shayx Muhammad Ol Nahayon hamda mamlakat Vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay amiri Shayx Muhammad Ol Maktumning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Uchrashuv so‘ngida O‘zbekiston Prezidenti tomonidan joriy dasturlarni jadallashtirish va istiqbolli loyihalarni tayyorlashni nazarda tutuvchi “yo‘l xaritasi”ni yangilash yuzasidan topshiriqlar berildi.
Yakunda vazir al-Gargaviyga O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi ko‘p qirrali munosabatlarni kengaytirishga qo‘shgan katta hissasi va Yangi O‘zbekistondagi islohotlar dasturini har tomonlama qo‘llab-quvvatlagani uchun davlatimizning yuksak mukofoti – “Do‘stlik” ordeni topshirildi.