YANGILANGAN KONSTITUTSIYAMIZ UCHINCHI RENESSANSNI BARPO ETISH YOʻLIDA MUSTAHKAM HUQUQIY POYDEVOR BOʻLIB XIZMAT QILADI
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis palatalari aʼzolari, siyosiy partiyalar va jamoatchilik vakillari bilan uchrashuvdagi nutqi
Hurmatli parlament aʼzolari, siyosiy partiyalar va jamoatchilik vakillari!
Hurmatli yigʻilish qatnashchilari!
Xabaringiz bor, shu yil 30-aprel kuni mamlakatimiz hayotida, hech shubhasiz, tom maʼnodagi ulkan tarixiy voqea boʻlib oʻtdi. Birinchi marta umumxalq referendumi asosida yangilangan Konstitutsiyamizni qabul qildik.
Referendumda qatnashgan fuqarolarimizning mutlaq koʻpchiligi “Bu – mening Konstitutsiyam”, deb gʻurur bilan ovoz berdi.
Referendum keyingi yillarda xalqimizning siyosiy ongi, huquqiy madaniyati va dunyoqarashi naqadar yuksalganini amalda koʻrsatdi. Ushbu tarixiy tanlov orqali xalqimiz bundan olti yil oldin boshlagan islohotlarimizga katta ishonch bilan qarab, ularni toʻla qoʻllab-quvvatlashini yana bir bor namoyon etdi. El-yurtimizning ana shunday azmu qarori asosida davlatchiligimiz va iqtisodiyotimizni bundan keyin ham barqaror rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratildi.
Bularning barchasi – millati, tili va dinidan qatʼi nazar, har bir yurtdoshimiz “qilsa boʻlar ekan-ku”, deb, oʻz roʻzgʻori, oilasi misolida yurtimizda yuz berayotgan katta oʻzgarishlarni yaqqol sezayotganidan dalolat emasmi?
Konstitutsiyamiz loyihasini muhokama qilishdan boshlab to uni qabul qilguncha boʻlgan davrda oʻtkazilgan umumxalq muhokamalarida millionlab yurtdoshlarimiz faol va munosib ishtirok etdilar. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, yangilangan Konstitutsiyamizning chinakam muallifi xalqimiz boʻldi, deb aytishga barcha asoslarimiz bor.
Eng muhimi, endi islohotlarimiz yoʻlidan hech qachon ortga qaytmaymiz, “inson – jamiyat – davlat” degan yangi tizim asosida faqat va faqat oldinga qarab boramiz.
Albatta, xalqimizning referendumdagi ovozi, bildirgan yuksak ishonchi barchamizga katta masʼuliyat yuklaydi, el-yurtimizni rozi qilish uchun bizni yangi marralarga undaydi, islohotlarni jadal davom ettirishda yanada katta kuch-gʻayrat va ilhom bagʻishlaydi.
Fursatdan foydalanib, oʻzining yuksak fuqarolik burchini chin dildan ado etib, Asosiy qonunimizni qabul qilishda amaliy taklif va tashabbuslari, gʻoya va fikrlari bilan faol ishtirok etgan koʻpmillatli, mard va olijanob xalqimizga taʼzim qilaman.
Shu bilan birga, jamiyatimizdagi yangilanish va oʻzgarishlarni amalga oshirishda jonbozlik koʻrsatib, ezgu ishlarimizda bizni qoʻllab-quvvatlab kelayotgan muhtaram nuroniylarimiz, ilm-fan va madaniyat arboblari, ziyolilarimizga, jonkuyar oʻqituvchi-murabbiylar va shifokorlarimizga, iqtisodiyotimiz rivojiga yangi kuch berayotgan tadbirkorlarimizga, ishchi-xizmatchilar, mirishkor dehqon va fermerlarimizga, klasterlar xodimlariga, jamiyatimizning tayanch ustuni boʻlmish mahalla raislari, hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari, xotin-qizlar faollari va profilaktika inspektorlariga, kelajagimiz egasi boʻlgan azmu shijoatli yoshlarimizga, bir soʻz bilan aytganda, Oʻzbekistonning barcha haqiqiy vatanparvarlariga samimiy minnatdorlik bildiraman.
Ayni paytda xalq bilan muloqot qilib, uning fikrini olib, Asosiy qonunimizni takomillashtirishga oʻz hissasini qoʻshgan Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolariga, barcha deputat va senatorlar, siyosiy partiyalar vakillariga, qonun loyihasini xalqaro standartlar asosida ishlab chiqishda faol ishtirok etgan olimlar, mahalliy va xorijiy ekspertlarga, referendum jarayonlarini haqqoniy yoritib, oʻzining xolis fikrlarini bildirgan barcha ommaviy axborot vositalari xodimlariga, xalqaro kuzatuvchilarga alohida tashakkurlar aytaman.
Aziz vatandoshlar!
Hech shubhasiz, xalqimiz oʻz tanlovini amalga oshirib, yangilangan Konstitutsiya uchun ovoz bergan 30-aprel sanasi tariximizda unutilmas yorqin sahifa boʻlib qoladi. Aynan shu kuni koʻpni koʻrgan, hayot maʼnosini, tinchlik va inson qadrini chuqur anglaydigan el-yurtimiz demokratiya, erkinlik va tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik gʻoyalariga sadoqatini yana bir bor amalda tasdiqladi.
Qadim tariximizdan kelib chiqqan holda, ota-bobolarimizga xos ezgu qadriyatlarni roʻyobga chiqarish, yaʼni insonni ulugʻlash, uning huquq va manfaatlarini taʼminlash, odamlarimiz bilan bamaslahat ish koʻrish biz uchun chinakam demokratiya namunasidir.
Xalqimizda “Birdamlik bor joyda ildamlik bor”, degan dono naql bejiz aytilmagan. Chindan ham, oʻzaro ahillik va hamjihatlik boʻlgan yurtda albatta qut-baraka, taraqqiyot boʻladi.
Bizning eng katta boyligimiz – Oʻzbekistonni oʻzi uchun yagona Vatan deb biladigan koʻpmillatli buyuk xalqimizdir. Jonajon yurtimizda qaror topgan millatlararo doʻstlik va ahillikni – mana shunday bebaho xazinamizni koʻz qorachigʻidek asrab-avaylash barchamizning oliy burchimizdir.
Hurmatli yigʻilish ishtirokchilari!
Yangilangan Konstitutsiyamizning birinchi moddasida Oʻzbekiston – suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat deb, qatʼiy belgilab qoʻyilgani tarixiy ahamiyatga ega. Xalqimizning xohish-irodasi bilan Asosiy qonunda muhrlangan bu prinsiplar – mamlakatimizning taraqqiyot yoʻli va taqdirini, uning kelajagini belgilab bergan ushbu “beshta ustun” hech qachon oʻzgartirilmaydi.
Dunyoda kundan-kunga yangi-yangi sinovlar, xavf-xatar va tahdidlar paydo boʻlayotganini barchangiz koʻrib turibsiz. Eng nufuzli siyosatshunos va ekspertlar ham, “aql markazlari” ham jahonda sodir boʻlayotgan hozirgi ziddiyat va toʻqnashuvlar qachon va nima bilan tugashini ayta olmayapti.
Shunday murakkab vaziyatda, har bir ishimizda, qabul qilayotgan barcha qonun va qarorlarimizda faqat va faqat xalqimiz, Vatanimiz manfaatlari eng ustuvor oʻrinda turishi shart. Buning uchun, birinchidan, ota-bobolarimizning asriy armoni boʻlgan, tengsiz va buyuk neʼmat – mustaqilligimizni asrab-avaylash, uni yanada mustahkamlash va kelgusi avlodlarga meros qilib qoldirish barchamiz uchun hayot-mamot masalasi ekanini unutmasligimiz zarur.
Bizning uch ming yillik davlatchilik tarixiga, boy va betakror madaniyatga ega bunyodkor xalqimiz bor. Qirq millionga yaqinlashib borayotgan bugungi Oʻzbekiston xalqining taqdiri va istiqboli, farovon hayoti uchun barchamiz masʼul va javobgarmiz. Shu sababdan yurtimizda tinchlik va barqarorlikni asrash va mustahkamlash bundan buyon ham eng muhim vazifamiz boʻlib qoladi.
Shu maqsadda milliy xavfsizlikni taʼminlash, Qurolli Kuchlarimiz jangovar salohiyatini oshirishga qaratilgan ishlarimizni yangi bosqichga olib chiqamiz.
El-yurtimizning tinch-osoyishta hayotini taʼminlash uchun “xavfsiz shahar”, “xavfsiz mahalla”, “xavfsiz koʻcha” konsepsiyalarini jadal amalga oshiramiz. Buning uchun yangi tashkil qilingan “mahalladagi beshlik” tizimini davlat va jamiyat tomonidan har jihatdan qoʻllab-quvvatlaymiz. Fuqarolararo totuvlik, millatlararo doʻstlik va bagʻrikenglik muhitini yanada mustahkamlash uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.
Dunyodagi hozirgi murakkab vaziyatda tinchliksevar tashqi siyosatimizni davom ettirib, uzoq va yaqin davlatlar bilan doʻstlik aloqalarini, barcha sohalarda oʻzaro hamkorlikni rivojlantiramiz.
Biz mamlakatimiz suverenitetini yanada mustahkamlashda global iqlim oʻzgarishi, oziq-ovqat, energetika, logistika bilan bogʻliq xavf-xatarlar, suv taqchilligining salbiy taʼsirini yumshatish boʻyicha yangi tashabbus va dasturlar ishlab chiqib, hamkorlarimiz bilan birga faol ish olib boramiz.
Ikkinchidan, biz Oʻzbekistonni ijtimoiy davlat, deb eʼlon qildik.
Mamlakatimizda 2 million 200 mingdan ziyod oilalar ijtimoiy koʻmakka muhtoj. Aholimizning 55 foizi yoshlardan iborat.
Shu oʻrinda bir masalaga eʼtiboringizni qaratmoqchiman. Yangilangan Konstitutsiyamizda davlatning ijtimoiy majburiyatlari 3 barobar koʻpaytirilmoqda. Bu raqamni aytish oson, lekin uni amalda taʼminlash uchun juda koʻp ishlashimiz zarur. Bunga davlat byudjetidan har yili qoʻshimcha 30-40 trillion soʻm ajratish kerak boʻladi. Buning hisobidan, har yili yuzlab yangi bogʻchalar, maktab va shifoxonalar qurishimiz lozim.
Yoshlar siyosatini, taʼlim-tarbiya, ilm-fan, madaniyat va sport sohalarini rivojlantirishni ustuvor vazifa sifatida yuqori bosqichga koʻtarish boʻyicha ham yangi imkoniyatlarni safarbar etamiz. Nuroniylar, yolgʻiz keksalar, nogironligi boʻlgan insonlar, alohida eʼtiborga muhtoj aholi qatlamiga ijtimoiy xizmatlar koʻlamini yanada kengaytiramiz. Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdorini muntazam oshirib boramiz.
Oʻzimizga savol beraylik nima uchun aholimiz referendumda bunchalik faol boʻldi?
Nimaga ular islohotlarimizni qoʻllab-quvvatlamoqda? Chunki, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlarimizning qishloq va ovullaridan tortib, poytaxtimiz mahalla va koʻchalaridagi ulkan bunyodkorlik va obodonchilik ishlarini oʻz koʻzlari bilan koʻrayaptilar.
Birgina misol, oʻtgan yildan boshlab “ochiq byudjet” tizimini joriy etganimiz qishloq va mahallalardagi oddiy odamlarimiz kayfiyatiga qanday ijobiy taʼsir koʻrsatganini hammamiz koʻrib, bilib turibmiz. Lekin, odamlarimizning oʻsib borayotgan talablarini qondirish uchun hozirgidan koʻra ikki karra koʻp ishlarni bajarishimiz kerak.
Yaxshi bilasizlar, biz mamlakatimizda kambagʻallik borligini tan olib, alohida dasturlar asosida uni qisqartirish boʻyicha katta ish olib bormoqdamiz.
Shu maqsadda aholi, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlar bandligini taʼminlash, ularning daromadini oshirish borasida “uchta daftar”, ijtimoiy reestr tizimini yoʻlga qoʻyib, salmoqli natijalarga erishdik. Lekin hali qiladigan ishlarimiz ham oz emas.
Bu borada odamlarimiz yangilangan Konstitutsiyadan, biz joriy etayotgan yangi tizimdan koʻp narsalarni kutmoqda.
Aholimizga munosib turmush sharoitlarini yaratish uchun, eng avvalo, iqtisodiy oʻsishni taʼminlash zarur. Yalpi ichki mahsulotimiz hajmini hozirgi 80 milliard dollardan yaqin yillarda 160 milliard dollarga yetkazish uchun bor imkoniyatlarni ishga solishimiz kerak. Bu – aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi 4 ming dollarga yetadi, degani.
Biz bundan buyon ham xususiy sektorni qoʻllab-quvvatlash, soliq maʼmurchiligini yanada soddalashtirish, davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini kamaytirish borasidagi ishlarni jadal davom ettiramiz. Ayniqsa, qishloq va suv xoʻjaligi, sanoat, energetika, transport, qurilish sohalariga katta-katta investitsiyalar jalb qilinadi.
Umuman, hukumat 1-avgustga qadar davlat oʻziga olgan har bir yangi majburiyat boʻyicha ularning mablagʻlari, ijro mexanizmlari, bu masalada masʼul vazirlik va hokimliklar hamda mutasaddilar aniq koʻrsatilgan alohida dastur ishlab chiqib, parlamentimizga kiritadi.
Uchinchidan, Konstitutsiyamizda ilk bor, Oʻzbekiston Respublikasiga huquqiy davlat degan taʼrif berildi.
Bosh qomusimizda inson huquqlari kafolatlariga oid normalar ham 3 barobar koʻpaytirildi.
Bu – avvalambor barcha sohada qonun ustuvorligi taʼminlanadi, degani.
Bundan buyon, qonunlardagi noaniqliklar inson foydasiga hal boʻladi.
Eng muhimi, “Qonun – muqaddas, har qanday holatda ham adolatni qaror toptirish shart!” degan qarash jamiyatning har bir aʼzosi, ayniqsa, mansabdorlar uchun hayot qoidasiga aylanishi kerak.
Shu bilan birga, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish uchun sudlarning odil va mustaqil ish yuritishini albatta amalda taʼminlashimiz zarur.
Shu maqsadda, Asosiy qonunimizda hech kim sud qarorisiz 48 soatdan ortiq ushlab turilishi mumkin emasligi belgilandi. Erkinlikni cheklashga faqat sud qarori asosida yoʻl qoʻyilishi haqidagi qoida mustahkamlandi. Ayblanuvchiga oʻziga qarshi koʻrsatma bermaslik, yaʼni “sukut saqlash” huquqi birinchi marta alohida belgilab qoʻyildi. Advokatlar maqomi oshirilib, ularning tergovchi va prokuror bilan teng vakolatga ega ekani qayd etildi.
Albatta, Asosiy qonunga kiritilgan bu ilgʻor yangiliklarni amalda joriy etish oson boʻlmaydi, koʻp jamiyatlar bunday oʻzgarishlarni faqat orzu qiladi. Buning uchun sud-huquq idoralarining kadrlar salohiyatini yaxshilash va moddiy-texnik bazasini mustahkamlashimiz zarur.
Eng muhimi, tergovchi, prokuror, sudya, advokatlarning bilim va malakasi, maʼnaviy dunyosini yuksaltirish bilan birga, aholining ham huquqiy madaniyatini oshirish, hammamiz uchun dunyoqarashimizni oʻzgartirish talab etiladi. Qanday ogʻir boʻlmasin, bu ishlarni amalga oshirishni zamonning oʻzi taqozo etmoqda.
Toʻrtinchidan, demokratik taraqqiyot yoʻlini qatʼiy davom ettiramiz.
Bosh qomusimizda bu maqsadga erishish kafolatlarini yanada kuchaytirdik. Bizga inson va biznesning ogʻirini yengil qiladigan, ularga sifatli xizmat koʻrsatadigan ixcham va samarali boshqaruv tizimi kerak. Maʼmuriy islohotlarni aynan shu maqsadda boshladik. Birinchi bosqichda hukumat va vazirliklar ixcham qilinib, ularning ish uslubi oʻzgartirildi. Navbatdagi vazifamiz – viloyat va tuman darajasida ham boshqaruv sifatini oshirishdan iborat.
Mening eng katta niyatim – odamlarni qiynayotgan muammolarni mahallaning oʻzi yechadigan xalqchil tizim yaratish. Shu bois, moliya, soliq, bandlik kabi idoralarning kamida 30 foiz vakolatlarini mahalla darajasiga tushirish moʻljallanmoqda.
Shu bilan birga, yangilangan Konstitutsiyamizdagi oʻzgarishlar bir qator siyosiy islohotlarni ham nazarda tutadi. Bu borada parlament faoliyatida muhim oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari amaldagi 5 tadan 12 taga, Senatda esa 14 tadan 18 taga yetkazildi.
Ayni paytda, palatalarning vakolatlariga ham aniqlik kiritildi. Masalan, hukumatni shakllantirish, uning faoliyati ustidan parlament nazoratini amalga oshirish masalalari Qonunchilik palatasining vakolatiga oʻtkazildi.
Shu bilan birga, deputatlarimiz asosiy eʼtiborni qonunlarning sifati va taʼsirchanligini oshirishga qaratadigan, ularning ijrosini samarali tashkil etishda hukumat bilan birgalikda qattiq ishlaydigan vaqt keldi.
Senatning faoliyati esa hududlar bilan bogʻliq masalalarni hal etish, mahalliy Kengashlarga har tomonlama koʻmaklashish, joylarda, ayniqsa, mahallalarda qonunlar ijrosini taʼminlashga yoʻnaltirilishi zarur.
Bularning barchasi, deputat va senatorlarimiz zimmasiga katta masʼuliyat yuklashi tabiiy, albatta. Endi ular pastga tushib, koʻproq odamlarimiz bilan uchrashib, ularning muammolarini eshitsa, vazirlar va hokimlar bilan birgalikda har bir masala boʻyicha aniq yechimlarni topsa, bundan umumiy ishimizga faqat foyda boʻladi.
Bugungi kunda xalq ovozi va fikrini keng jamoatchilikka, davlat idoralari eʼtiboriga olib chiqayotgan eng taʼsirchan kuch, bu – ommaviy axborot vositalari, jurnalistlardir.
Jamiyatimizdagi ochiqlik siyosatini izchil davom ettirish maqsadida ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligi, axborot olish, foydalanish va tarqatishga boʻlgan huquqlar qatʼiy kafolatlanmoqda.
Shu bilan birga, soʻz erkinligi, bu – masʼuliyat ham degani. Yaʼni axborot makonida haqqoniylik va xolislik bosh mezon ekanini unutmasligimiz zarur.
Ayni paytda nodavlat tashkilotlarning rolini oshirish, huquqlarini kafolatlash orqali fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Beshinchidan, Oʻzbekiston – dunyoviy davlat va bundan keyin ham shunday boʻlib qoladi.
Xalqimizning referendum orqali bildirgan xohish-irodasi, qatʼiy tanlovi ham shu.
Bundan buyon ham millati, tili, dini va ijtimoiy kelib chiqishidan qatʼi nazar, har bir fuqaroning vijdon erkinligi taʼminlanadi. Barcha diniy konfessiyalar erkin faoliyat yuritishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratib beramiz,
Mamlakatimizda millatlar va konfessiyalar oʻrtasida totuvlik va hamjihatlikni taʼminlash siyosatini izchil davom ettiramiz. Jamiyatimizda har qanday radikallashuvga, dindan siyosiy maqsadlarda foydalanishga hech qachon yoʻl qoʻymaymiz.
Hurmatli yigʻilish qatnashchilari!
Men Prezident sifatida ish boshlagan birinchi kundanoq “Biz xalqimizga xizmat qilgani kelganmiz. Biz xalqimizni rozi qilish uchun kelganmiz”, degan gaplarni doim takrorlayman.
Biz islohotlarni boshlagan paytda, oʻzimiz tasavvur ham qilmagan juda koʻp muammo va sinovlarga duch keldik. Ularga el-yurtimiz bilan birgalikda yechim topib, har bir masalani joyida hal qilib boryapmiz. Chunki, yangilangan Konstitutsiyamizning maʼno-mazmuni, bosh maqsadi ham xalqimizning farovon hayot kechirishi uchun munosib sharoit yaratib berishdan iboratdir. Bu maqsad yoʻlida qanchalik ogʻir boʻlmasin, zarur mablagʻlarni, kerak boʻlsa, ortiqchasi bilan topib, barcha imkoniyatlarni ishga solayapmiz.
Xalqimizning oʻzi – eng adolatli hakam. Men aminman, bugun yurtimizdagi har bir inson “hayotimda ijobiy oʻzgarish boʻlmoqda”, deb ayta oladi.
Bugun biz tarixning yanada masʼuliyatli va hal qiluvchi pallasida turibmiz. Mamlakatimiz taraqqiyotida mutlaqo yangi davrga qadam qoʻymoqdamiz. Chunki, yangilangan Konstitutsiyamizni qabul qilish bilan biz Uchinchi Renessans uchun huquqiy poydevor yaratdik. Bugun xalqimiz intilayotgan ana shu buyuk maqsadni amalga oshirishga munosib hissa qoʻshaman, degan har bir yurtdoshimiz, avvalo ushbu poydevorga tayanib, harakat qilishi lozim.
Ayniqsa, unib-oʻsib kelayotgan yosh avlodimizning orzu-intilishlarini roʻyobga chiqarishda, yoshlarimiz kelajagi uchun mustahkam zamin hozirlashda Asosiy qonunimiz ularga beqiyos imkoniyatlar ochib beradi.
Shu munosabat bilan, men bugun ikkita muhim Farmonni imzoladim.
Birinchi Farmon yangilangan Konstitutsiyamizni hayotga joriy etish, ijrosini taʼminlash uchun uning mazmun-mohiyatini xalqimiz oʻrtasida keng targʻib qilish boʻyicha aniq vazifalarni nazarda tutadi.
Shu maʼnoda, Bosh qonunimizning har bir bandi va moddasini jamiyatimiz, ayniqsa, yoshlarimiz uchun hayot qoidasiga aylantirish, bu borada ularning tushuncha va tasavvurlarini kengaytirish, har bir mahalla, taʼlim maskani, tashkilot va korxonada chuqur oʻrganish maqsadida oʻquv dasturlari, darslik va qoʻllanmalar yaratish zarur.
Shu bilan birga, yangilangan Konstitutsiyaning 128-moddasida mamlakat Prezidentiga berilgan vakolatdan foydalanib, men ikkinchi muhim Farmonni imzoladim. Unga muvofiq, yurtimizda muddatidan ilgari Prezident saylovi oʻtkaziladi.
Bunday qarorga kelish uchun qanday obyektiv zarurat bor, degan savol tugʻilishi tabiiy, albatta.
Nima uchun, qolgan uch yarim yillik Prezidentlik muddatidan oʻz tashabbusim bilan voz kechayapman? Chunki, oʻzingiz koʻrib turibsiz, Asosiy qonunimizga muvofiq, birinchidan, hokimiyatning barcha boʻgʻinlari isloh qilinib, ular oʻrtasidagi munosabat va muvozanat jiddiy oʻzgarmoqda.
Ikkinchidan, yangilangan Konstitutsiyamiz Prezident, parlament, hukumat, vazirlar, hokimlar oldiga kechiktirib boʻlmaydigan yangi siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy vazifalarni qoʻymoqda.
Uchinchidan, xalqimiz bizdan barcha sohalarda gʻoyat muhim va dolzarb oʻzgarish va islohotlarni kutmoqda.
Toʻrtinchidan, dunyoda va mintaqamizda keskin va murakkab jarayonlar hukm surayotgan hozirgi vaziyatda toʻgʻri va samarali rivojlanish yoʻlini izlab topish va uni amalga oshirish eng oʻtkir va dolzarb masalaga aylanmoqda.
Shu munosabat bilan butun xalqimizga murojaat qilmoqchiman.
Aziz va muhtaram vatandoshlar, barchangiz koʻrib turibsiz, oldimizga bugun yanada ulkan marralar qoʻymoqdamiz.
Bundan buyon ham jamiyat va davlat hayoti, bugungi va kelgusi taraqqiyotiga oid har bir masala boʻyicha faqat va faqat sizlar, donishmand, bagʻrikeng xalqimiz bilan bamaslahat ish olib boramiz.
Asosiy qonunimizda xalq – davlat hokimiyatining birdan-bir manbai, deb bejiz yozilmagan. Shu nuqtayi nazardan, yangilangan davlat hokimiyati tizimida xalqimiz, yana bir bor aytaman, faqat xalqimiz oʻzi ishongan rahbarga mandat berishi maqsadga muvofiq.
Oʻylaymanki, bugungi mavjud sharoitda bu – eng toʻgʻri va adolatli qaror boʻladi.
Saylovlar qonunga toʻla muvofiq holda, ochiq va oshkora tarzda oʻtkaziladi. Bunda siyosiy partiyalar, Prezidentlikka nomzodlar yurtimiz tinchligi va uning ravnaqiga, xalqimiz farovonligiga xizmat qiladigan yangi gʻoya va tashabbuslar bilan maydonga chiqadilar, deb ishonaman.
Qadrli yurtdoshlar!
Shu oʻrinda bir fikrni yana taʼkidlab aytmoqchiman: koʻzlagan marralarimiz qanchalik yuksak va murakkab boʻlmasin, ularga erishish uchun bizda barcha imkoniyatlar bor.
Buyuk ajdodlarimiz merosi, xalqimizning bunyodkorlik qudrati, intellektual va maʼnaviy salohiyati, uning mehnatsevarlik va tadbirkorlik fazilati bu yoʻlda bizga kuch-qudrat manbai boʻlib xizmat qiladi.
Ishonchim komil, sizlar bilan, butun xalqimiz bilan ezgu maqsadlarimizga albatta yetamiz. Yangi Oʻzbekistonni barchamiz bir yoqadan bosh chiqarib, ahil va hamjihat boʻlib, birgalikda quramiz.
Mana shunday ulugʻ maqsad yoʻlida hammangizga sihat-salomatlik, yangi yutuq va zafarlar, oilaviy baxt-saodat tilayman.
Yaratganning oʻzi barcha olijanob ishlarimizda madadkor boʻlsin!
Eʼtiboringiz uchun rahmat.