MSK Oʻzbekiston Prezidenti sayloviga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazishning Kalendar rejasini tasdiqladi
Markaziy saylov komissiyasining kecha boʻlib oʻtgan yigʻilishida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazish boʻyicha saylov kampaniyasiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish boʻyicha Kalendar reja tasdiqlandi.
Mazkur Kalendar rejada mantiqiy izchillik asosida qonunchilikka muvofiq amalga oshirilishi lozim boʻlgan tadbirlar va ularni amalga oshirish muddatlari belgilandi. Xususan, rejaga muvofiq saylov jarayonining 7 ta yoʻnalishi boʻyicha 51 ta tadbirlar nazarda tutildi.
Reja okrug va uchastka saylov komissiyalarini tashkil etish, kuzatuvchilarning saylovoldi ishtirokini taʼminlash, saylovchilarning yagona elektron roʻyxatini shakllantirish, siyosiy partiyalar, ularning prezidentlikka nomzodlari, ularning ishonchli vakillarining saylovoldi ishtirokini taʼminlash, saylov komissiyalarini moliyalashtirish, saylovoldi tashviqoti, saylov jarayonini yoritish, ovoz berish va boshqa ishlarni qamrab olgan.
Eslatib oʻtamiz, 2023-yil 9-iyul kuniga belgilangan Oʻzbekiston Prezidenti saylovlarida ishtirok etish uchun 17-may – 1-iyun oraligʻida nomzodlar koʻrsatiladi.