Poytaxtimizda yana bir yirik xalqaro yarmarka
Joriy yil 15-17 noyabr kunlari Toshkent shahrida “Ipak yo‘lida turizm” 28-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi (TXTY) bo‘lib o‘tadi. An'anaga ko‘ra, tadbir manzili sifatida “O‘zekspomarkaz” Milliy ko‘rgazmalar majmuasi tanlandi.
Mazkur yirik anjuman turizm mahsulotlarini targ‘ib qilish, ishbilarmonlik aloqalari va hamkorlik o‘rnatishga yordam beruvchi axborot maydoniga aylananishi kutilyapti. 1995 yildan buyon BMT Butunjahon turizm tashkiloti (YUNVTO) ko‘magida o‘tkazilayotgan TXTY har yil sohaning yuzlab mutaxassislarini jamlab, turizmni xalqaro miqyosda rivojlantirish uchun qulay sharoit yaratib kelmoqda.
Ikki yillik tanaffusdan so‘ng, o‘tgan yil TXTY-2022 juda yuqori saviyada tashkil etilgan, tarixda ilk bor davlat-xususiy sheriklik shaklida, byudjet mablag‘ini jalb qilmagan holda o‘tgandi. Qayd etish kerak, o‘shanda uch kun ichida yarmarkaga 11 mingdan ziyod kishi tashrif buyurgan. 300 kompaniya vakillari ishtirok etib, yakunda 7 mingdan ziyod shartnoma imzolangan.
Bu yil ham ko‘rgazma butun dunyodan sayyohlik biznesi mutaxassislarini birlashtirishi, ko‘p jihatdan sohaning barcha vakillari – yetakchi sayyohlik va transport kompaniyalari, yirik mehmonxonalar tarmoqlari, diplomatik korpuslar, turizm ta'lim muassasalari xodimlari uchun foydali bo‘lishi kutilmoqda.
Yarmarkaga Fransiya, Chexiya, Yaponiya, Malayziya, Tailand, Singapur, Hindiston, Koreya, Rossiya, Qozog‘iston, Belarus', Ozarbayjon, Xitoy kabi yigirmaga yaqin davlat milliy stendlari qo‘yiladi. Qatnashish istagini bildirganlar orasida Gruziya Turizm departamenti, Chexiya Milliy turizm boshqarmasi, Ozarbayjon davlat turizm agentligi, Koreya davlat turizm tashkiloti, Tailand Qirolligi turizm byurosi, Malayziya turizmni targ‘ib qilish bo‘yicha kengashi, Rossiyadan mintaqaviy turizm qo‘mitalari va Singapur milliy sayyohlik agentliklari assosiasiyasi kabi yirik tashkilotlar vakillari ham bor.
TXTY-2023 ishbilarmonlik qismida yetakchi mahalliy va xorijiy ekspertlar ishtirokida Xalqaro forum ham o‘tkaziladi. Shuningdek, B2B uchrashuvlari, davra suhbati, sayyohlik xizmati va hunarmandlik ko‘rgazmasi, O‘zbekistonning turizm salohiyatiga ega hududlari taqdimoti, mahalliy va xalqaro miqyosdagi oshpazlar mahorat darslari tashkil etiladi.
Turizm qo‘mitasi ma'lumotiga ko‘ra, nufuzli forumga mahalliy aholi hamda MDH, Osiyo va Yevropa davlatlaridan 15 ming nafargacha mehmon tashrif buyurishi kutilyapti. Sayyohlik yo‘nalishlari bilan tanishish, mamlakatlarning rang-barang muhiti, madaniyati va an'anasidan zavq olish, yurtimizning barcha hududlari yangi sayyohlik manzillari salohiyatini baholash imkoniyati paydo bo‘lmoqda.
Yaramarkada qatnashish uchun www.titf.uz veb-sayti orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tish mumkin.