Konstitutsiyada inson huquqlari himoyasi kafolatlari yanada mustahkamlandi
Yangilangan Konstitutsiya Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi huquqiy asoslarni yanada mustahkamladi. Ayniqsa, unda fuqarolar huquq va manfaatlari himoyasi kuchaytirildi.
Xususan, Konstitutsiyada davlat qurilishining yangi strategik maqsadi — ijtimoiy davlat qurish ekanligi belgilab berildi. Ijtimoiy adolat va birdamlik prinsiplari joriy etildi. Inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning mutlaqo yangi mexanizmlarini nazarda tutuvchi konstitutsiyaviy asoslar yanada mustahkamlandi.
Avvalgi Konstitutsiyada “davlat – jamiyat – inson” tamoyili ustuvor tamoyil sifatida belgilangan edi. Yangilangan Konstitutsiyada esa davlatimizda inson manfaatlari ustuvorligini o‘zida ifoda etadigan “inson – jamiyat – davlat” prinsipi mustahkamlandi.
Bu har qanday masalada, avvalo, inson manfaati ta’minlanishi zarurligini anglatadi. Qolaversa, yangi tahrirdagi Qomusimizda inson huquqlari ustuvorligi kafolatini beruvchi moddalar uch barobar ko‘paytirildi.
Xususan, Konstitutsiyada e’tirof etilganidek, insonning huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy maqsadidir. Davlat inson hamda fuqaroning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquqlari va erkinliklarini ta’minlaydi.
Konstitutsiya mamlakat hududida to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etishi belgilandi.
Shu paytga qadar Konstitutsiya normalari tegishli qonun va qonunosti hujjatlari orqali hayotga tatbiq qilinar, bu esa huquqni qo‘llash amaliyotida ayrim bo‘shliqlarga sabab bo‘layotgan edi. Yuqoridagi norma, bir tomondan, shaxs huquq va erkinliklari eng oliy qadriyat ekanini amalda ta’minlasa, ikkinchidan, xalqimizning mavjud huquqiy tizimga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Inson huquqlari haqida so‘z borar ekan, bu huquqning amalda qanday ta’minlanishi juda muhim. Buning uchun har bir shaxsga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari va boshqa tashkilotlar, ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari va harakatsizligi ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlab qo‘yilgan.
Konstitutsiyada nazarda tutilgan inson huquq va erkinliklariga oid yangi normalar, o‘z navbatida, sudlar zimmasiga nihoyatda katta mas’uliyat yukladi.
Inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyat va noaniqliklar inson foydasiga talqin etilishi belgilab qo‘yildi.
Bu esa inson huquq va erkinliklariga oid masalalarda huquqni qo‘llash amaliyotiga yangicha yondashuvlar joriy qilishni dolzarb zaruratga aylantirdi.
Bosh qomusimizda belgilab berilgan, inson huquqlari himoyasiga, uning manfaatlariga qaratilgan yuksak tamoyillar amalda ro‘yobga chiqqandagina ahamiyati oshadi.
Shu bois ham 2023 yil 8 mayda davlatimiz rahbarining “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
Mazkur hujjatda yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini so‘zsiz va to‘liq amalga oshirish, unda mustahkamlangan ustuvor prinsiplarni Yangi O‘zbekiston ulug‘vor g‘oyasiga hamohang tarzda ro‘yobga chiqarish, davlat organlarining faoliyatini yangicha konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitlarda yo‘lga qo‘yish, fuqarolar o‘z hayotida xalq Konstitutsiyasi ruhini yaqqol his etib turishini ta’minlash nazarda tutilgan.
Shu maqsadda yangi tahrirdagi Konstitutsiyani so‘zsiz va to‘liq amalga oshirish barcha darajadagi davlat organlari va tashkilotlarining birinchi navbatdagi ustuvor vazifasi etib belgilandi.
Davlat organlari va tashkilotlarining rahbarlari yangi tahrirdagi Konstitutsiyani amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar ijrosini o‘z vaqtida ta’minlash uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya oliy yuridik kuchga ega ekanligidan kelib chiqib, davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri va so‘zsiz qo‘llaniladi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya normalarini ularni amalga oshirish uchun boshqa qonunchilik hujjatlarining mavjud emasligi yoki qonunchilikka Konstitutsiyaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmagani vaji bilan qo‘llashni rad etish qat’iyan taqiqlanadi.
Farmon asosida “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasidan kelib chiqadigan vazifalarni amalga oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi” tasdiqlandi.
Shu asosda Konstitutsiyaning ustuvor g‘oyalarini ro‘yobga chiqarish va normalarini hayotga tatbiq etish bo‘yicha yurtimizda izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Huquq bo‘yicha ta’lim olayotgan talabalarga Konstitutsiya mazmun-mohiyati tushuntirilibgina qolmay, amalda qo‘llanilishi bo‘yicha ham zarur tushunchalar berilmoqda.
Zarina ISROILOVA,
Yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD),
JIDU “Xalqaro huquq va davlat huquqi fanlari”
kafedrasi dotsenti.
O‘zA