O‘zbekiston o‘z tarixida birinchi marta BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy Kengashiga saylandi
ECOSOS BMTning asosiy organi bo‘lib, tashkilotning iqtisodiy va ijtimoiy faoliyatini muvofiqlashtirishga masʼul hisoblanadi
“Dunyo” axborot agentligining xabariga ko‘ra, 7 iyun kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-York shahridagi bosh qarorgohida 2025-2027 yillarga mo‘ljallangan BMT Iqtisodiy va ijtimoiy Kengashi (ECOSOS) aʼzolari saylovi bo‘lib o‘tdi.
Yashirin ovoz berish natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston BMTga aʼzo davlatlarning 185 ovozini to‘pladi va o‘z tarixida birinchi marta ECOSOSga uch yil muddatga saylandi.
Mamlakatimizning BMTning ushbu muhim organiga saylangani Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida O‘zbekistonda hayotning barcha jabhalarida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar xalqaro hamjamiyat va BMTga aʼzo davlatlar tomonidan keng eʼtirof etilganidan dalolatdir.
Eslatib o‘tamiz, ECOSOS BMTning asosiy organi bo‘lib, tashkilotning iqtisodiy va ijtimoiy faoliyatini muvofiqlashtirishga masʼuldir. Kengash Birlashgan Millatlar Tashkiloti tizimida barqaror rivojlanishning barcha uch yo‘nalishi – iqtisodiy, ijtimoiy va ekologik jihatdan rag‘batlantirish bo‘yicha asosiy o‘rinni egallaydi. Uning tarkibiga 54 mamlakat kirib, 3 yillik muddatga saylanadi.