OKMK: Ulkan investitsiyaviy loyihalar metallurgiya sanoatining salohiyatini namoyon etadi
O’zining 70 yilda ortiq tarixiga ega bo’lgan Olmaliq kon-metallurgiya kombinati Bugungi kunda mis mahsuloatlarini qazib olish va ishlab chiqarish bo’yicha jahondagi eng yirik 30 ta korxona qatoridan o’rin olgan. Shu bilan birga 17 turdagi mahsulotni dunyoning 16 ta davlatiga eksport qilib kelmoqda.
Kombinat konlarni ochiq o‘zlashtirish va ma’danlarni qazib olish, boyitish, oltin saralash fabrikalari, metallurgiya zavodlari, yirik energetika va transport tizimlari, rivojlangan infrastruktura va ijtimoiy obyektlarni o‘zida mujassam etgan ulkan majmuaga aylangan. O‘zbekistonning Toshkent, Namangan, Jizzax va Surxondaryo viloyatlarida joylashgan 45 ta tarmoq bo‘linmalarida 36 mingdan ziyod ishchi-xodimlar mehnat qiladi.
Ana shunday ulkan jamoa bugungi kunda qanday investitsion loyihalarni amalga oshirmoqda? Buning natijasida ishlab chiqarish va eksport salohiyati qanday manzara kasb etadi?
Bu kabi savollarga javob topish maqsadida kombinatning bugungi faoliyati bilan yaqindan tanishishni qaysi bir hamkasbimiz istamaydi deysiz. Kuni kecha yurtimizning bir guruh ommaviy axborot vositalari vakillari uchun “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” aksiyadorlik jamiyatiga uyushtirilgan press-tur ana shunday imkoniyatni yaratib berdi.
— Ayni paytda kombinatni 2019-2023 yillarda rivojlantirish dasturi doirasida umumiy qiymati 4,5 milliard dollar bo‘lgan beshta asosiy investitsion loyiha amalga oshirilmoqda, — dedi jamiyat boshqaruvi raisining lokalizatsiya, kooperasion aloqalarni kengaytirish va axborot kommunikatsiyalari bo‘yicha birinchi muovini v.b. Otabek Isroilov. — Prezidentimizning 2019-yil 17-yanvardagi “Kon-metallurgiya tarmog‘i korxonalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘grisida”gi qaroriga muvofiq, 2026-yilgacha 2,9 million AQSh dollari mikdorida investitsiyalar jalb etish va 2023-yilgacha mis ishlab chiqarish hajmini 28 foizga, ruxni 75 foizga oshirish ko‘zda tutilgan.
“Qalmoqqir” koni Olmaliq shahridan 3 kilometr uzoqlikda joylashgan. U dunyodagi eng katta konlar sirasiga kiradi. Uzunligi 4,5 km, kengligi 2,5 km bo‘lgan karer inson qudratining hosilasi sifatida hayratga soladi.
— “Qalmoqqir” — Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari ichidagi eng yirik kon, — deydi karer rahbari A. Askarov. — Ushbu kon mamlakatimiz rangli metallurgiya sanoati uchun asosiy xomashyo bazalaridan biri hisoblanadi. Qazib olingan ma’dan mis boyitish fabrikasida qayta ishlanadi. Uning loyihaviy quvvati 30 million tonnani tashkil etadi.
2017-yilning avgustida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Olmaliq shahriga tashrifi davomida “Yoshlik I” konini o‘zlashtirishga start berilgan edi. Yangi konga yaqinlashganimizda ulkan mashinalarning “na’rasi’’ diqqatimizni tortdi.
— Ayni paytda 310 ta texnika tunu-kun mehnat qilyapti, yil davomida ularning soni 510 taga yetkaziladi, — deydi geolog Z.Omondullayev. — Shu kungacha konda 38 million tonna ochish ishlari bajarildi. Bu yerda 2021 yilda 15 million tonna ruda qazib olinishi ko‘zda tutilgan. 2034 yilga borib, kon to‘liq quvvatda ishlashi natijasida bu ko‘rsatkich 74 million tonnaga yetkaziladi.
Haqiqatan, konning istiqbol imkoniyatlari ulkan. Investitsiya dasturi doirasida umumiy qiymati 3 milliard 349,8 million AQSh dollari bo‘lgan 5 ta metallurgiya korxonasini rivojlantirish nazarda tutilgan. Jumladan, “Yoshlik I” konini o‘zlashtirish loyihasini amalga oshirish uchun 2 milliard 676,2 million AQSh dollari miqdorida investitsiya jalb etiladi. Buning hisobiga yiliga 74 million tonna ruda qazib olish quvvatiga ega bo‘lgan kon, 60 million tonna ruda qayta ishlash imkoniyatga ega bo‘lgan yangi 3-mis boyitish fabrikasi, 275 ming tonna mahsulot tayyorlovchi mis elektroliz, 1 200 ming tonna sulfat kislotasi va 55 ming kub metr kislorod ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushiriladi. Bundan tashqari, yangi 2-eritish pechi qurilishi, anod va konvertor bo‘limlarining rekonstruksiyasi va kengaytirilishi amalga oshiriladi hamda 6 000 dan ziyod yangi ishchi o‘rni yaratiladi.
Ob’ektda qurilish-montaj, tog‘-kon va qazish ishlari olib borilmoqda. Yil yakuniga qadar ushbu loyiha doirasida o‘zlashtiriladigan investitsiyalarning umumiy hajmi 225,2 million AQSh dollariga teng bo‘lishi kutilmoqda.
“Qizilolma” koni bazasida “Samarchuk” yer osti koni qurilishi loyihasining imkoniyat lari ham chakki emas. 71,5 million AQSh dollari miqdorida investitsiya o‘zlashtirilish tufayli tarkibi oltinga boy 100 ming tonna ruda qazib olishni tashkil etish va 269 ta yangi ish o‘rni yaratish belgilangan. Hozirgi kunda yer usti ishlari tugallanib, shaxtada konchilik ishlari davom etmoqda.
— Xomashyoni qayta ishlash bo‘yicha ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish loyihasining amalga oshirilishi evaziga 124 million AQSh dollari miqdoridagi mablag‘lar o‘zlashtiriladi, — deydi K.Salimov.
— Asosiy texnologik uskunalarni yetkazib berish ishlari davom etmoqda. Agar mazkur kondan 2017-yilda 37,2 million tonna ruda qazib olingan, bo‘lsa, 2021-yilda loyihs ishga tushganidan so‘ng uning quvvati yiligs 40,3 million tonnaga yetkaziladi.
Yana bir loyiha asosiy ishlab chiqarish quvvatlarini rekonstruksiya qilish va barqarorlashtirish dasturiga kiritilgan bo‘lib unga ko‘ra, 2019-2022-yillarda mis boyitish fabrikasi, mis eritish va rux zavodlari? quvvatlarini modernizatsiya qilish va yangilash ko‘zda tutilgan. Loyihaning amal oshirilishi natijasida 357,5 million AQSh dollari miqdorida investitsiya o‘zlashtirish bilan bir qatorda korxonaning nafaqat joriy ishlab chiqish quvvatlari yangilanal balki atrof-muhitga chiqarilayotgan chiki dilar hamda zaharli gazlar miqdori sezilarli darajada kamayishiga erishiladi. Hozirgi kunda obyektlarda ta’mirlash tiklash, qurilish-montaj ishlari olib borilmoqda.
Yuqorida qayd etilgan 5 ta yirik loyiha doirasida 2019-2022 yillarda jami 1 milliard 455,8 million AQSh dollari miqdoridagi mablag’lar o‘zlashtiriladi. 6 ming yangi ish o‘rni yaratish barobarida ma’dan qazib olish quvvatlarini 3 baravarga, rangli va qimmatbaho metallar ishlab chiqarilishini qariyb 2 baravarga, eksport hajmini 1,6 martaga va byudjetga tushumlar 1.3 martaga oshirilishiga erishiladi.
“Yangi O‘zbekiston” gazetasi, 28.02.2020-y.