Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi 5-9-aprel kunlari O'zbekistonda bo'lib o'tadi

30-yanvar kuni Oliy Majlis Senatida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligida Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasini o'tkazish bo'yicha Tashkiliy qo'mita yig'ilishi bo'lib o'tdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA.
Yig'ilishda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a'zolari, Vazirlar Mahkamasi vakillari, vazirlik va idoralar, Toshkent shahar hokimligi rahbarlari hamda Tashkiliy qo'mitaning boshqa a'zolari ishtirok etdi.
Ta'kidlanganidek, Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley Assambleyasi O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga asosan 2025-yil 5-9-aprel oyida O'zbekistonda bo'lib o'tadi.
Ma'lumki, 190 ga yaqin mamlakatlar parlamentini birlashtirib kelayotgan Parlamentlararo ittifoq Assambleyasi yilda 2 marotaba o'tkaziladi. Mazkur tadbir faqatgina parlamentarizm va barqaror rivojlanishning ijobiy tajribasi yuqori bo'lgan mamlakatlardagina o'tkaziladi.
Yig'ilishda O'zbekistonning Parlamentlararo ittifoqqa a'zoligi 2017-yilda qayta tiklangani ta'kidlab o'tildi. O'tgan qisqa davr mobaynida mamlakatimiz parlamentarizm va barqaror rivojlanish sohasida juda katta tajribaga erishgan. Respublikamiz yutuqlari yirik xalqaro tashkilotlar va xorijiy mamlakatlar tomonidan alohida e'tirof etilmoqda.
Parlamentlararo ittifoqning 150-assambleyasining O'zbekistonda bo'lib o'tishi tarixiy voqelikdir, chunki bunday tadbir Markaziy Osiyo mintaqasida ilk marotaba o'tkazilyapti.
Yig'ilishda O'zbekistonda bo'lib o'tadigan mazkur Assambleyaning asosiy mavzusi "Ijtimoiy taraqqiyot va adolat uchun parlament harakati" deb nomlangani, uning doirasida butun dunyo parlamentlari aholini ijtimoiy himoya qilish, kambag'allikni qisqartirish, huquq ustuvorligini ta'minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar va o'z tajribalari bilan o'rtoqlashishi qayd etildi.
Shuningdek, bir hafta davomida Parlamentlararo ittifoqning qo'mitalari tomonidan inson huquqlarini himoya qilish, gender tenglikni ta'minlash, ilm-fan va texnologiya, yoshlar masalalariga bag'ishlangan turli tadbirlar tashkil etilishi rejalashtirilmoqda.
O'z navbatida, Senat Raisi mazkur tarixiy va nufuzli anjumanda barcha birdek faol bo'lishi kerakligiga hamda uni yuqori saviyada tashkil etish borasida qator vazifalarga to'xtalib o'tdi.