"O‘zbekiston - 2030" strategiyasini 2025-yilgacha amalga oshirishga oid davlat dasturi qabul qilindi

Davlat rahbari "O‘zbekiston – 2030" strategiyasini "Atrof-muhitni muhofaza qilish va "yashil" iqtisodiyot yili"da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi, deb xabar bermoqda "Dunyo" axborot agentligi.
Hujjatda 2025-yilda mamlakatni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab berildi. Xususan, aholi salomatligini mustahkamlash, yashash uchun ekologik qulay va farovon muhitni shakllantirish, tabiiy resurslarni ehtiyotkorlik bilan saqlash va ulardan oqilona foydalanish, ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda bioxilma-xillikni asrash masalalari ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, farmon "yashil iqtisodiyot" tamoyillarini keng joriy etishga qaratilgan loyihalarni barqaror moliyalashtirishni, iqtisodiyotni iqlim o‘zgarishiga moslashtirish, ekologik barqarorlikka yo‘naltirilgan hududlararo va tarmoqlararo hamkorlikni ta’minlashni, Parij bitimi talablaridan kelib chiqib, O‘zbekistonning uglerod neytralligiga erishish bo‘yicha uzoq muddatli strategiyani ishlab chiqishni, elektr energiyasi ishlab chiqarishda qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 26 foizga va generatsiya quvvatlarining umumiy tarkibida 40 foizga yetkazishni nazarda tutadi.
Ta’kidlanishicha, aholi salomatligini mustahkamlash yo‘nalishida "Ekologik faol fuqaro" turmush tarzini ommalashtirishga qaratilgan "Bir million yashil oila" umummilliy harakatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 13 yanvar kuni O‘zbekiston Prezidentining joriy yilgi davlat dasturi to‘g‘risidagi farmoni loyihasi "Taraqqiyot strategiyasi" markazi tomonidan ishlab chiqilib, jamoatchilik muhokamasi uchun maxsus saytga joylashtirilgan edi.