O‘zbekiston jahon parlamentarizmining markaziga aylanadi

Markaziy Osiyo tarixida ilk marotaba Toshkent shahrida Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 2025-yilning 5-9-aprel kunlari “Tashkent City” hududidagi Kongress-xoll majmuasida o‘tkaziladigan mazkur anjumanda dunyoning 180 ta mamlakati, 15 ta kuzatuvchi davlat hamda 25 dan ortiq xalqaro va parlamentlararo tashkilotdan 2 mingga yaqin delegatlar ishtirok etishi kutilmoqda.
Yig‘ilishning asosiy mavzusi “Ijtimoiy rivojlanish va adolat uchun parlament harakati” bo‘lib, unda kambag‘allikni bartaraf etish, munosib mehnat sharoitlarini yaratish, ijtimoiy inklyuziyani qo‘llab-quvvatlash va qaror qabul qilish jarayonida kamsitilgan guruhlar ishtirokini oshirish kabi masalalar muhokama qilinadi.
Assambleya so‘nggida Parlamentlararo ittifoqning rezolutsiyalari va Toshkent deklaratsiyasi qabul qilinadi.