Ispaniyaning Navarra avtonom provinsiyasi O'zbekiston bilan energetika, avtomobilsozlik, sayyohlik kabi sohalarda hamkorlikdan manfaatdor

O'zbekiston elchisi Farrux Tursunov ishchi tashrifi bilan Ispaniyaning Navarra avtonom provinsiyasida bo'ldi.
Tashrifi chog'ida Navarra prezidenti Mariya Chivite va hududning yetakchi "Enhol Group" hamda "KWD Auto" kompaniyalari rahbariyati bilan muzokaralar o'tkazdi.
Navarra prezidenti Mariya Chivite bilan uchrashuvda u ikki tomonlama aloqalarni mustahkamlashga masalalari xususida fikr almashildi. Energetika, qishloq xo'jaligi, avtomobilsozlik, sayyohlik va madaniy almashinuv sohalaridagi hamkorlikka alohida e'tibor qaratildi. Shuningdek, mehnat migratsiyasi, xususan, Navarraning qurilish va qishloq xo'jaligi sohalariga o'zbekistonlik mutaxassislarni jalb etish imkoniyatlari ko'rib chiqildi.
"Enhol Group" kompaniyasi rahbariyati kechgan bilan muzokaralarning asosiy mavzusi Qoraqalpog'istonda quyosh va shamol elektr stansiyalarini yaratish, shuningdek, "Amu-Buxoro" kanali nasos stansiyalarini elektr energiyasi bilan ta'minlash uchun qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish loyihalarini amalga oshirish bo'ldi. Kompaniya vakillari O'zbekistonda barqaror qayta tiklanadigan energiya ishlab chiqarishni rivojlantirish, shuningdek, respublikada logistikani optimallashtirish bilan yangi quvvatlarni yaratish orqali yetkazib berish zanjirini kengaytirishdan manfaatdorligini bildirdi.
"KWD Auto" kompaniyasi mutasaddilari O'zbekiston korxonalari bilan sanoat kooperatsiyasini yo'lga qo'yish va avtomobil butlovchi qismlarini birgalikda ishlab chiqarishni tashkil etishdan manfaatdorligini bildirdi. Tomonlar "Jizzax" erkin iqtisodiy zonasi bilan tajriba almashish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Navarra universiteti rektori Mariya Iraburu bilan kechgan muloqotda tibbiyot, farmatsevtika va biznes sohalarida o'zbek mutaxassislari uchun akademik almashinuv, qo'shma ilmiy loyihalarni ishlab chiqish va amaliyot o'tash istiqbollari xususida fikr almashildi. Ushbu tashabbuslarni batafsil o'rganish maqsadida O'zbekistonning tegishli idoralari vakillari ishtirokida videokonferensiya o'tkazishga kelishib olindi.
Ispaniya tomoniga "Toshkent-Madrid-Toshkent" yo'nalishi bo'yicha to'g'ridan-to'g'ri aviaqatnovlar shu yil aprel oyidan yo'lga qo'yilishi, bu esa mamlakatlar o'rtasidagi turizm va ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirish uchun qo'shimcha rag'bat bo'lishi ta'kidlandi.
Shuningdek, Navarrada O'zbekistonning sayyohlik salohiyatini faol targ'ib qilish rejalashtirilmoqda, bu madaniy almashinuv va iqtisodiy hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar ochadi.