Hindiston Elchisi bilan uchrashuv
2020-yilning 16-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev Hindiston Respublikasining Favqulodda va Muxtor Elchisi Santosh Ja bilan uchrashdi.
Elchi hozirgi paytda koronavirusga qarshi kurashning dolzarbligini ta’kidladi hamda Hindiston tomoni ko‘rayotgan xavfsizlik choralari to‘g‘risida ma’lumot berdi, shuningdek, ushbu yo‘nalishda O‘zbekiston tomoni bilan yaqindan hamkorlik qilishga tayyorligini izhor etdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Hindistonning afg‘on muammosini hal etish borasidagi sa’y-harakatlari, Afg‘onistonda turli loyihalarni birgalikda amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekiston-Hindiston hamkorligining ustuvor yo‘nalishlari ham muhokama qilindi.
Hindiston tomoni Afg‘onistonda uzoq muddatli va barqaror tinchlik o‘rnatishda bundan keyin ham faol ko‘maklashishga tayyorligini bildirdi.
Shu bilan birga, Termiz shahridagi Afg‘oniston fuqarolarini o‘qitish Ta’lim markazini zarur tibbiy uskunalar bilan jihozlash, qisqa muddatli kurslarni tashkil etish, shuningdek, Surxondaryo viloyatidagi tibbiyot muassasasini rekonstruksiya qilish va boshqa O‘zbekiston-Hindiston qo‘shma loyihalarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.