Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish
Senat oltinchi yalpi majlisida yangi tahrirdagi «Odam savdosiga qarshi kurashish toʼgʼrisida» gi qonunni maʼqulladi.
Mazkur Majlis davomida taʼkidlanganidek, ushbu qonunni yangi tahrirda ishlab chiqish zarurati bugungi kunda odam savdosidan jabrlanganlarni himoya qilish va ularga yordam berish masalalariga doir aniq qoidalarning tartibga solinmagani bilan izohlanadi. Shuningdek, voyaga yetmaganlar savdosiga qarshi kurashishning oʼziga xos xususiyatlari, shu jumladan, indentifikatsiya qilish, yordam berish va himoya qilishning huquqiy maqomini belgilamagan.
Yangi tahrirdagi qonunda, jumladan, sohaga oid asosiy tushunchalar va tamoyillar, uni davlat tomonidan tartibga solishga oid normalar, vakolatli davlat organlari, Milliy komissiya, hududiy komissiyalar va Milliy maʼruzachiga oid meʼyorlar aniq belgilangan.
Maʼlum qilinishicha, hozirgi kunda mamlakatda 9 mingdan ortiq nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyat koʼrsatsa, ularning 100 ga yaqini odam savdosiga qarshi kurashish borasida ish olib bormoqda. Qonunda mazkur yoʼnalishga doir faoliyatni amalga oshirayotgan davlat organlariga koʼmaklashuvchi tashkilotlar qatorida nodavlat notijorat tashkilotlari ham belgilanib, ularning vakolat va vazifalari aniq ochib berilmoqda.
Shu bilan birga, amaldagi qonundan farqli oʼlaroq, yangi tahrirdagi qonunda odam savdosidan jabrlanganlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashuvini taʼminlash tartibi va jabrlanganlar haqidagi maʼlumotlarning maxfiyligini taʼminlash tartibi va ularga taqdim etiladigan xavfsizlik choralari va boshqa kafolatlar yoritilgan.
Bundan tashqari, milliy konunchilikda ilgari boʼlmagan odam savdosidan jabrlanganlarni identifikatsiya qilish va ularni qayta yoʼnaltirish tushunchalari alohida bobda belgilangan.
Qonunning qabul qilinishi odam savdosidan jabrlangan fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini kafolatli himoya qilishga xizmat qilishi bois Senat aʼzolari mazkur qonunni maʼqulladi. Endilikda, ushbu qonun prezident tomonidan imzolanib, belgilangan tartibda eʼlon qilingach rasmiy kuchga ega boʼladi.