Turkiya Prezidenti: Imom Buxoriy nomidagi mukofotni olishdan ulkan sharaf va g‘urur tuyaman
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an «Oliy darajali Imom Buxoriy» ordeni bilan mukofotlandi.
Turkiy davlatlarning Samarqand sammiti doirasida mazkur mukofotni topshirish marosimi bo‘ldi.
Avvalo, shuni aytish joizki, ikki rahbarning ham Imom Buxoriy hazratlariga hurmati juda yuqori. O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan alloma maqbarasi yonida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Hadis maktabi tashkil etilgan. Davlatimiz rahbari bu haqda 2017-yili Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi sessiyasida aytganida, Turkiya Prezidenti «bu yuksak minbardan Imom Buxoriy hazratlarining mo‘’tabar nomi birinchi marta yangradi» deya mamnun bo‘lgan edi.
Bu yil Prezidentimiz taklifiga ko‘ra, O‘zbekistonning «Oliy darajali Imom Buxoriy» ordeni ta’sis etildi. Bu mukofot bilan ilm-ma’rifatni rivojlantirish, islom olami mutafakkirlari merosini o‘rganish va keng targ‘ib qilishdagi alohida xizmatlari uchun olimlar, tadqiqotchilar, adiblar, shuningdek, xorijiy davlatlar va hukumatlar rahbarlari taqdirlanadi.
– Ushbu oliy orden Sizning islom ma’rifatini keng yoyish, dunë miqyosida musulmonlarning manfaatlarini himoya qilish, ummatimizning birdamligi va farovonligini ta’minlash, diniy bag‘rikenglikni qaror toptirish, yoshlarni ezgulik ruhida tarbiyalash yo‘lidagi ulkan ishlaringizning munosib e’tirofidir, – dedi Shavkat Mirziyoyev marosimda.
Rejep Tayyip Erdog‘anga mukofotni davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev topshirdi.
Turkiya Prezidenti buyuk muhaddis nomidagi ordenni olishdan benihoyat mamnun ekanini ta’kidladi.
– Hadis va fiqh ilmining cho‘qqisi bo‘lgan Imom Buxoriy nomidagi bu qimmatli mukofotni olishdan ulkan sharaf va g‘urur tuyaman. Shavkat Mirziyoyevni ilk tanigan paytlarimdan buyon Imom Buxoriy merosidan namunalar keltirib so‘zlagani uchun menda qardoshimga farqli bir hurmat-muhabbat paydo bo‘lgan. Uning sa’y-harakatlari bilan Samarqandda ilm dargohlari qurildi, Turkiya va O‘zbekiston olimlari yaqindan hamkorlik qilmoqda. Bu ordenni xalqlarimiz o‘rtasidagi azaliy va abadiy qardoshlikning, hamma sohada rivojlanib borayotgan munosabatlarimizning kuchli ramzi sifatida qabul qilaman. O‘z nomimdan va millatim nomidan bu yuksak e’tibor O‘zbekiston Prezidenti va xalqiga chin qalbimdan minnatdorlik bildiraman, – dedi Rejep Tayyip Erdog‘an.