O'zbekiston vakili tarixda birinchi marta Inson huquqlari qo'mitasi a'zoligiga saylandi
29-may kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi shtab-kvartirasida Fuqarolik va siyosiy huquqlar to'g'risidagi xalqaro paktga a'zo davlatlarning 40-sessiyasi doirasida Inson huquqlari qo'mitasining 2025-2028-yillar uchun 9 nafar a'zosini saylash bo'yicha saylovlar bo'lib o'tdi, deb "Dunyo" AA xabar qilmoqda.
Saylovda O'zbekiston bilan birga 16 ta davlat – Burundi, Gruziya, Misr, Hindiston, Ispaniya, Kamerun, Kot-d'Ivuar, Litva, Marokash, Paragvay, Koreya Respublikasi, Shimoliy Makedoniya, Togo, Xorvatiya, Efiopiya va Janubiy Afrika vakillari 9 ta o'rin uchun kurash olib bordi.
Yashirin ovoz berish natijalariga ko'ra, O'zbekistondan nomzod, Inson huquqlari bo'yicha Milliy markaz direktori, akademik Akmal Saidov Fuqarolik va siyosiy huquqlar to'g'risidagi xalqaro paktga a'zo mamlakatlardan eng ko'p ovoz oldi.
Mamlakatimiz vakilining IHQga saylanishi tarixiy voqeadir, chunki O'zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari orasida birinchi marta BMTning ushbu asosiy organiga a'zo bo'ldi.
BMT O'zbekiston Respublikasi Prezidenti rahnamoligida amalga oshirilgan aniq chora-tadbirlar – bolalar va majburiy mehnatga barham berish, oiladagi zo'ravonlikka qarshi kurashish, xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, gender tengligini ta'minlash, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo'llab-quvvatlash bo'yicha ijobiy natijalarga erishilganini, shuningdek, BMTning inson huquqlari kun tartibidagi barcha masalalar yuzasidan ochiq muloqotga tayyorligini e'tirof etadi.
Shubhasiz, O'zbekistonning ushbu nufuzli konvensiya organiga saylanishi mamlakatning inson huquqlarini himoya qilish bo'yicha xalqaro tuzilmalar bilan konstruktiv hamkorlik qilish orqali inson huquqlarini ta'minlash va himoya qilishga sodiqligini namoyish etish, qarorlar qabul qilish jarayonlarida faol ishtirok etish, shuningdek, bu borada ilg'or tajriba almashish imkonini beradi.
Eslatib o'tamiz, Inson huquqlari qo'mitasi – BMTning mustaqil ekspertlardan iborat organi bo'lib, a'zo davlatlar tomonidan Fuqarolik va siyosiy huquqlar to'g'risidagi xalqaro paktning bajarilishini monitoring qiladi. Ushbu paktga 173 ta davlat a'zo. O'zbekiston ushbu xalqaro hujjatga 1995-yilda qo'shilgan. Qo'mita faoliyati insonning barcha fuqarolik va siyosiy huquqlari to'liq hurmat qilinishini ta'minlashga qaratilgan.