Ispaniyaning UNIVERSAE yetakchi universiteti filialini mamlakatimizda ochish istiqbollari muhokama qilindi
O‘zbekiston Respublikasining Ispaniyadagi Elchisi Farrux Tursunov Ispaniyaning UNIVERSAE universiteti institutsional aloqalar bo‘yicha direktori Manuel Gazapo Lapayeze va oliygohning Madrid shahridagi bo‘linmasi direktori Said Xamed Vaxdat Axmadzoda bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Suhbat boshida Universitet vakillari eʼtiboriga so‘nggi yillarda mamlakatimizda oliy taʼlim timida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, xususan, 2019 yilda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi oliy taʼlimni rivojlantirishning strategik maqsadlari, vazifalari, yaqin va uzoq muddatli istiqboldagi bosqichlarini belgilashda hamda sohaga doir dasturlar va kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish uchun muhim asos ekanligi taʼkidlandi.
Shuningdek, hozirgi kunga kelib O‘zbekistonda oliy taʼlim muassasalari soni 213 taga yetgani, shundan 166 tasi davlat, 67 tasi nodavlat, 30 tasi Buyuk Britaniya, Italiya, Yaponiya, Hindiston, Janubiy Koreya, Singapur, Rossiya, Latviya va boshqa davlatlarning xorijiy oliygohlari va ularning filiallarining ochilganligi hamda ularda 1 million nafardan ziyod talaba tahsil olib, yoshlarni oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasi 42 % ga oshganligini alohida urg‘ulandi.
O‘z navbatida Universitet vakillari UNIVERSAE oliygohining faoliyatiga doir maʼlumotlar bilan o‘rtoqlashib, oliy taʼlim muassasasining maqsadi, vazifalari va istiqbolli rejalari haqida so‘zlab berdi. Xususan, mazkur oliygoh hozirgi kunga kelib kasb-hunar, bakalavr, magistratura va ikki diplom dasturlari bo‘yicha 50 ga yaqin keng turdagi o‘quv kurslarini yangi texnologiyalardan intensiv foydalanishga asoslangan innovatsion va inqilobiy taʼlim muassasasi hisoblanadi. Mazkur yangicha o‘qitish tizimi universitetga har yili iqtisodiyotning turli sohalarida ishlash uchun minglab yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlab berish imkonini beradi.
Ularning so‘ziga ko‘ra, universitet nafaqat xorijiy oliy taʼlim muassasalari balki yirik korxonalar bilan taʼlim sohasida hamkorlik qiladi va ularga kerakli mutaxassilarni manzilli tayyorlaydi.
O‘zbekistonning o‘sib borayotgan iqtisodiy, ijtimoiy, demografik salohiyatini, uning qo‘shni mamlakatlar bilan olib borayotgan do‘stona tashqi siyosatini etiborga olib, Universitet vakillari UNIVERSAEning mamlakatimizda filialini ochish taklifini ilgari surdi va shu bilan bogliq, yaʼni mamlakatimizda xorijiy universitet va ularning filiallarini ochishga oid meʼyoriy-huquqiy hujjatlarning namunalarini taqdim etish yuzasidan murojaat qildi. Universitet rahbariyatining so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston Markaziy Osiyoning to‘laqonli taʼlim xabi bo‘lishiga ishonchi komil. Bu yo‘nalishda UNIVERSAE o‘z hissasini qo‘shishga tayyor.