O‘zbekiston-Qirg‘iziston: strategik sheriklikning yangi ufqlari sari
Qirg‘iziston – O‘zbekistonning ishonchli hamkori va eng yaqin qo‘shnisidir. Ikki xalqning tarixi va madaniyati bir-biri bilan uzviy bog‘liq, yaqin qardoshlik munosabatlari esa iliq do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik uchun mustahkam asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Mustaqillikka erishgan dastlabki kunlardanoq O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatildi hamda ikki davlat poytaxtlarida elchixonalar ochildi. Bugun mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik misli ko‘rilmagan darajaga ko‘tarildi.
Qirg‘iziston bilan yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik tamoyillariga asoslangan konstruktiv, ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli muloqot O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Hamkorlikning huquqiy asosi mustahkamlandi. Xususan, shartnomaviy-huquqiy baza savdo-iqtisodiy, fan, turizm, transport, madaniyat va boshqa sohalarni qamrab olgan 180 dan ortiq bitim va shartnomalardan iborat. Ulardan eng muhimi – Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi shartnoma, Strategik sheriklik, do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va ishonchni mustahkamlash to‘g‘risidagi deklaratsiya ikki tomonlama munosabatlarni yangi amaliy mazmun bilan to‘ldirish uchun sharoit yaratmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil sentyabr va 2023 yil yanvar oylarida qo‘shni respublikaga davlat tashriflari, Prezident Sadir Japarovning 2021 yil mart oyda mamlakatimizga davlat tashrifi Yangi O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishdagi muhim voqealar bo‘ldi. Shuningdek, ushbu tashriflar barcha darajadagi ko‘p qirrali muloqotni rivojlantirishga kuchli turtki berdi.
Parlamentlararo hamkorlik sezilarli darajada faollashdi. 2017 yil sentyabr oyida O‘zbekiston Prezidentining Qirg‘izistonga tashrifi chog‘ida Oliy Majlis va Jo‘qorg‘u Kenesh o‘rtasida parlamentlararo hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolangan edi. 2020 yil iyun oyida hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo komissiya tuzilgan bo‘lsa, 2021 yil sentyabr oyida O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati raisi Qirg‘izistonga tashrif buyurdi. Parlament delegatsiyalarining o‘zaro tashriflari oshdi, shuningdek, ikki davlat parlamentariylari MDHga aʼzo davlatlarning Parlamentlararo Assambleyasi, Markaziy Osiyo davlatlari yetakchi ayollari muloqoti va boshqa platformalarda o‘zaro hamkorlik qilmoqda.
Ikki mamlakat tashqi siyosat idoralari darajasida samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Tashqi siyosat idoralari rahbarlarining, jumladan, telefon orqali muloqotlari va xalqaro maydonlarda doimiy uchrashuvlari o‘tkazilmoqda. Shuningdek, ikki mamlakatning tahliliy markazlari o‘rtasida O‘zbekiston-Qirg‘iziston munosabatlarini yana-da kengaytirish va chuqurlashtirish bo‘yicha aniq qo‘shma taklif va tashabbuslar ishlab chiqishga qaratilgan ilmiy-tadqiqot aloqalari yo‘lga qo‘yildi.
Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik ikki tomonlama munosabatlarning muhim yo‘nalishi hisoblanadi va ushbu yo‘nalishda yuqori natijalarga erishildi. O‘zaro tovar ayirboshlash hajmi so‘nggi yillarda qariyb to‘rt barobar oshdi. 2024 yilning yanvar-may oylarida mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 294,3 million AQSH dollarga yetdi. Bugungi kunda O‘zbekistonda Qirg‘iziston kapitali ishtirokidagi 273 korxona muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatmoqda. Qirg‘izistonda esa mamlakatimiz rezidentlari ishtirokida 70 ta korxona tashkil etilgan. 1996 yildan buyon faoliyat yuritayotgan Hukumatlararo komissiya va 2021 yilda tashkil etilgan Ishbilarmonlar kengashi ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish hamda mustahkamlashga salmoqli hissa qo‘shmoqda.
Ikki davlat uchun yana bir strategik yo‘nalish – transport kommunikatsiyalarini rivojlantirishdir. Shu nuqtai nazardan, tomonlar Markaziy Osiyoning transport tizimini mustahkamlash va rivojlantirish bo‘yicha birgalikda saʼy-harakatlarni muvofiqlashtirish orqali yirik transchegaraviy loyihalarni amalga oshirmoqda. Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston qo‘shma temir yo‘lini qurish loyihasi shular jumlasidandir. Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi davlat chegaralarini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalari bo‘yicha ham muhim qarorlarga erishildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2023 yil yanvar oyida Qirg‘izistonga davlat tashrifini yakunlar ekan, O‘zbekiston-Qirg‘iziston davlat chegarasining ayrim uchastkalari to‘g‘risida Bitim imzolangani ikki tomonlama munosabatlarda chinakam tarixiy voqea bo‘lganini alohida taʼkidladi. “Chegarani delimitatsiya qilish masalalari to‘liq tartibga solingani ikki tomonlama hamkorlik va hududlararo almashinuvlar rivojida muhim o‘rin tutadi, mintaqamizda barqarorlik va xavfsizlikning mustahkamlanishiga xizmat qiladi”, – dedi O‘zbekiston Prezidenti.
O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi uzoq yillardan buyon o‘zaro munosabatlardagi murakkab masalalardan biri suv resurslarini boshqarish bo‘lib kelgan. Ikki davlatning siyosiy irodasi tufayli bu borada ham muhim kelishuvlarga, xususan, Kampirobod (Andijon) suv ombori suv resurslarini birgalikda boshqarish bo‘yicha kelishuvga erishildi. 2022-yilda Qo‘shma suv komissiyasi tuzilib, uning to‘rtta yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Ularning oxirgisi 2024 yilning aprel oyida Andijon shahrida o‘tkazilgan. Komissiya faoliyati ko‘p yillik munozarali masalalarni hal etish va suv resurslaridan oqilona foydalanishni taʼminlashga qaratilgan. Bu mamlakatlar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlash va mintaqaning barqaror rivojlanishi uchun sharoit yaratishga xizmat qilmoqda.
Yana bir muhim jihat, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi madaniy aloqalarning yuqori darajasidir. O‘zbekistonda 300 mingdan ortiq qirg‘izlar istiqomat qilsa, Qirg‘izistondagi o‘zbeklar jamoasi 1 millionga yaqin kishini tashkil qiladi. Har ikki davlatda ona tillarida taʼlim beradigan madaniyat markazlari va maktablar faol ishlamoqda. 2017 va 2018 yillarda Qirg‘izistonda va O‘zbekistonda ikki davlat madaniyati kunlari o‘tkazildi. 2022 yilda O‘zbekistonda qirg‘iz madaniyat markazlarining 30 yilligi nishonlandi, 2023 yil aprel oyida Bobur nomidagi O‘sh davlat o‘zbek akademik musiqa drama teatrida O‘zbekiston hukumati ko‘magida amalga oshirilgan rekonstruksiya ishlari yakunlandi.
Tomonlar fan va taʼlim sohasidagi hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor. O‘zbekiston va Qirg‘iziston hukumatlari o‘rtasida oliy taʼlim sohasida hamkorlik to‘g‘risida besh yillik shartnoma imzolandi. Mazkur Bitim doirasida pedagog kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish sohasida hamkorlik rivojlantirilib, talabalar va o‘qituvchilarning o‘zaro almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan.
Qirg‘iziston va O‘zbekistonning chegaradosh viloyatlaridagi oliy taʼlim muassasalari o‘rtasidagi hamkorlik samarali rivojlanmoqda. O‘quv dasturlari doirasida talabalar almashinuvi amalga oshirilyapti, Qirg‘izistonning O‘sh va Jalolobod viloyatlari hamda O‘zbekistonning Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlari oliy taʼlim muassasalari o‘rtasida bir qator hamkorlik memorandumlari tuzilgan. Ilmiy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risidagi bitimni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi va Qirg‘iziston Milliy fanlar akademiyasi o‘rtasida samarali aloqalar o‘rnatildi. Ikki mamlakat ilm-fan namoyondalarining tashriflari almashilmoqda. Tomonlar O‘zbekiston va Qirg‘izistonda o‘tkaziladigan ilmiy-amaliy anjumanlarda muntazam ishtirok etyapti. Bugungi kunda taʼlim va fan sohalaridagi hamkorlikni yana-da rivojlantirish uchun hali foydalanilmagan katta imkoniyatlar mavjud.
Muntazam havo qatnovining tiklangani, O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi davlat chegarasini kesib o‘tish tartib-taomillarining soddalashtirilgani o‘zaro sayyohlar oqimining oshishiga xizmat qilyapti. O‘zbekistonga kelayotgan qirg‘izistonlik sayyohlar soni yil sayin ortib bormoqda va bu ham mamlakatlarimiz xalqlari o‘rtasidagi madaniy aloqalar va qardoshlik rishtalari mustahkamligidan dalolat beradi.
Hech shubhasiz, oliy darajadagi konstruktiv muloqot, faol iqtisodiy hamkorlik va madaniy almashinuvlar O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi sheriklikni yana-da mustahkamlash uchun xizmat qiladi. Shuningdek, o‘zaro hurmat va hamkorlikka intilish har ikki davlatning barqaror rivojlanishi va farovonligi uchun qulay shart-sharoit yaratadi. Shu nuqtai nazardan, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarovning O‘zbekistonga bo‘lajak davlat tashrifi erishilgan hamkorlik darajasini mustahkamlash va o‘zaro manfaatli sheriklikni yana-da jadallashtirishga turtki beradigan muhim qadam bo‘ladi.