O‘zbekiston Kabo-Verde, Seyshel orollari va Burundi bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatdi
O‘zbekiston Kabo-Verde, Seyshel orollari va Burundi bilan diplomatik munosabatlar o‘rnatdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.
Nyu-Yorkda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov shimoli-g‘arbiy Afrikadagi Kabo-Verde mamlakati Tashqi ishlar, hamkorlik va mintaqaviy integratsiya vaziri doktor Ruy Alberto de Figeyredo Soaresh bilan ikki davlat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatish to‘g‘risida qo‘shma kommyunikeni imzoladi.
Baxtiyor Saidovning so‘zlariga ko‘ra, yangi hamkorlik mamlakatlar xalqlari uchun yangi imkoniyatlar ochadi.
Vazir sharqiy Afrikada joylashgan Seyshel orollari tashqi ishlar va turizm vaziri Silvestr Radegond bilan ham uchrashuv o‘tkazdi va unda qo‘shma kommyunike imzolandi.
“Istiqbolli hamkorlikning muhim yo‘nalishlari, ayniqsa, xalq diplomatiyasi va sayyohlik almashinuvini rivojlantirishda ko‘plab imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladik”, — dedi Baxtiyor Saidov.
Burundi Tashqi ishlar va taraqqiyot hamkorlik vaziri Albert Shingiro bilan uchrashuv doirasida diplomatik munosabatlar oʻrnatish toʻgʻrisidagi qoʻshma kommyunike ham imzolandi.
“Ushbu hujjat mamlakatlarimiz o'rtasidagi ikki tomonlama hamkorlik salohiyatini yuzaga chiqarishda poydevor bo'lib xizmat qiladi", Oʻzbekiston TIV rahbari deb ta’kidladi.
Shunday qilib, bu ikki mamlakatdan so‘ng O‘zbekiston bilan diplomatik aloqalar o‘rnatgan davlatlar soni 152 taga yetdi. Avvalroq Jibuti, Gambiya, Beliz va Lixtenshteyn davlatlari bilan qo‘shma kommyunikelar imzolangandi.