O‘zbekiston jahon turizm maydonida: FITUR-2025da ishtirok etish natijalari

Oliy Majlis Senati raisining birinchi o'rinbosari Sodiq Safoyev va Turizm qo'mitasi raisi Umid Shodiyev boshchiligidagi O'zbekiston delegatsiyasi Madrid shahrida bo'lib o'tgan "FITUR-2025" xalqaro sayyohlik yarmarkasi ishtirok etdi.
O'zbekiston milliy stendi Turizm qo'mitasi huzuridagi "Milliy PR- markazi", Xorazm turizmni rivojlantirish departamenti hamda mamlakatimizning "Uzbekistan Discovery", "Rocket Uzbekistan DMC", "Dolores Travel Group" kabi yetakchi sayyohlik kompaniyalari vakillarini jamladi. "Uzbekistan Airways" MAK tomonidan Toshkent va Madrid o'rtasida to'g'ridan-to'g'ri aviaqatnovlar qayta tiklangani haqida alohida stend taqdim etildi.
O'zbekiston stendiga "BMT Turizm" bosh kotibi Zurab Pololikashvili tashrif buyurdi. U ekspozitsiya yuqori saviyada tayyorlanganini ta'kidlab, mamlakatimizning boy sayyohlik salohiyati va noyob madaniy merosini alohida e'tirof etdi.
O'zbekiston sayyohlik kompaniyalari vakillari ko'rgazma mehmonlarini yurtimizning madaniy, tarixiy va gastronomik merosini qamrab oluvchi yangi yo'nalishlar bilan tanishtirdi.
Taniqli dizayner Hamida Inoyatova tomonidan taqdim etilgan an'anaviy naqshlar va zamonaviy tendensiyalarni o'zida mujassam etgan, o'zbek matolarining adras, ikat kabi betakror go'zalligi va nafosatini namoyon etgan milliy liboslar kolleksiyasi alohida qiziqish uyg'otdi.
Bu yil FITUR tashrif buyuruvchilar va ishtirokchi kompaniyalar soni bo'yicha rekord o'rnatdi. 5 kun davomida ko‘rgazmaga 255 mingga yaqin odam tashrif buyurdi va ko‘rgazmada 156 mamlakatdan 9500 dan ortiq kompaniya ishtirok etdi.
Shu o'rinda ta'kidlash kerakki, "FITUR-2025" xalqaro yarmarkasi nafaqat O'zbekiston taqdimoti maydoni, balki xalqaro aloqalarni mustahkamlash, mamlakatimizni jahon turizmining istiqbolli yo'nalishi sifatida targ'ib etishda muhim qadam bo'ldi.
Keyingi FITUR ko'rgazmasi 2026 yil 21-26 yanvar kunlari bo'lib o'tadi.