O‘zbekiston 2027−2029-yillarda Qo‘shilmaslik harakatiga raislik qilishni rejalashtirmoqda
O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan Qo‘shilmaslik harakatining vazirlar yig‘ilishida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston TIV rahbari mamlakat 2027 yildan 2029 yilgacha bo‘lgan davrda Qo‘shilmaslik Harakatiga rahbarlik qilishni rejalashtirayotganini ma’lum qildi.
Qo'shilmaslik harakati 1961 yilda tuzilgan va bugungi kunda 120 ta davlatni harbiy bloklarda qatnashmaslik tamoyillari asosida birlashtirgan xalqaro tashkilotdir. O‘zbekiston bu harakatga 1992-yil sentabr oyida qo‘shilgan. 2019-yildan boshlab Ozarbayjon harakatga raislik qiladi, bu yildan raislik Ugandaga o‘tdi (2026-yilgacha).
“Bugun murakkab global jarayonlar va dinamik o‘zgarishlar bilan ajralib turadigan manzaraga duch kelmoqdamiz. Biz tarixiy bosqich — O‘zbekistonning 20-sammitga mezbonlik qilishi va 2027-2029-yillarga mo‘ljallangan Harakatga rahbarlik qilishi rejalarini e’lon qildik. Bunda energiya xavfsizligi, barqaror rivojlanish va global savdo tizimlarini mustahkamlash kabi asosiy ustuvorliklarga e’tibor qaratamiz. Tinchlikni mustahkamlash, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish va ta’lim orqali kelajak avlodni qo‘llab-quvvatlashni maqsad qilganmiz. Birgalikda zamonamiz chaqiriqlarini hal qilishimiz va Global Janubning ovozini kuchaytirishimiz zarur”, — deya qayd etdi vazir.